BERLIN
BERLIN — Germaniya poytaxti. Federal ma’muriy birlik — yerga tenglashtirilgan. Shpre daryosi Xafel daryosiga quyiladigan yerda. Shimol va Boltiq dengizlariga chiqiladigan kanallar bo’yida. Maydoni qariyb 890 kilometr. Shaharning g’arbi va sharqida ko’l ko’p. Iqlimi mo’tadil, sernam; o’rtacha yillik temperatura 8,4°, yanvarning o’rtacha temperaturasi 0-0,6°, iyulniki 18°. Bir yilda o’rtacha 587 millimetr yog’in yog’adi. Berlin poytaxt bo’lgach, aholisining soni chetdan ko’chib kelganlar hisobiga tez o’sdi, shahar chegarasi ham kengaydi. Berlin aholisi soni quyidagicha o’zgarib bordi: 1939 yilda 4,3 million, 1945 yilda 2,8 million, 1995 yilda 3,4 million. Berlin haqidagi dastlabki tarixiy ma’lumot 1244 yilga tegishli. U ikki aholi punktining birlashuvidan tashkil topgan. 1486 yildan Brandenburg gersogligi poytaxti bo’lgan. 17-asrda Frantsiya va Bogemiyadan kelgan qochoqlar hisobiga uning aholisi tez o’sdi. 19-asr esa Berlinning iqtisodiy rivojida muhim davr hisoblanadi. Ayni shu vaqtda (1871) u Kayzer imperiyasining poytaxti va Yevropaning yirik markazlaridan biri sifatida shakllandi. Sanoat bo’yicha esa Yevropada unga teng shahar yo’q edi. Shaharda bir qancha xalqaro Kongress va konferentsiyalar o’tkazilgan. 1945 yilgacha Berlin Germaniyaning eng yirik fan, madaniyat va siyosiy markazi. 1933-45 yillarda Berlin gitlerchilar «Uchinchi reyxi»ning poytaxti. Berlin 2-jahon urushi yakunida sovet qo’shinlari tomoo’idan o’rab olinib, qattiq bombardimon qilindi va to’plardan o’qqa tutilgach. 1945 yil 2 mayda to’liq egallandi. Urushdan keyin ittifoqchilar Berlinni 4 okkupatsiya sektoriga: Sovet, AQSh, Angliya va Frantsiya sektorlariga bo’lishdi. Keyinchalik ittifoqchilar o’rtasidagi yuz bergan kelishmovchiliklar sababli Germaniya kabi Berlin ham 2 qismga — Sharqiy va G’arbiy Berlinga bo’lindi va GDR aholisini ommaviy ravishda G’arbga o’tishini to’xtatish maqsadida 1961 yilda «Berlin devori» (Sharqiy Germaniya va G’arbiy Berlin o’rtasida umumiy uzunligi 162 kilometr, jumladan shahar doirasida 45 kilometr bo’lgan to’siq inshootlar tizimi) qurildi. 70-yillar boshida vaziyat bir muncha yumshadi. 1989 yil 9 noyabrdagi siyosiy o’zgarishlar tufayli Berlin devori olib tashlandi, so’ngra GFR (G’arbiy Germaniya) va GDR (Sharqiy Germaniya) qo’shilishi haqida maxsus shartnoma imzolandi va u 1990 yil 3 oktabrdan kuchga kirdi va Birlashgan Germaniyaning federal poytaxti statuey Bonn shahridan Berlinga o’tdi. Berlinning siyosiy mavqei oshishi bilan uning iqtisodi ham tez rivojlandi. Kimyo-farmasevtika, poligrafiya, optika, to’qimachilik, tikuvchilik, oziq-ovqat, qurilish materiallari, mashinasozlik (elektrotexnika, elektr priborlari ishlab chiqarish, umumiy va transport mashinasozligi) sanoati korxonalari mavjud. Berlin faqat Germaniyaning iqtisodiy markazi bo’libgina qolmay, balki Yevropaning yirik sanoat markazlaridan biridir. Berlinda yirik bank va kredit muassasalari joylashgan. Berlin mamlakatning eng yirik transport yo’llari tuguni, bir necha vokzal va aeroportlar bor. Berlin radialaylana reja asosida qurilgan va o’z qiyofasini hozirgacha saqlagan. Shaharda o’rta asr yodgorliklaridan gotika uslubiga xos Marienkirxe va Klosterkirxe cherkovlari (13-14-asrlar), barokko uslubidagi nemis tarixi muzeyi (1695-1706), Brandenburg darvozasi (1788-91), klassisizm uslubidagi opera teatri, drama teatri (1819-21) va boshqalar saqlanib qolgan. Shaharda ko’plab zamonaviy savdo-sotiq binolari, saroy, uy-joylar va boshqa binolar barpo etilgan. Metropoliten qurilgan. Fanlar Akademiyasi, A. Gumboldt nomidagi universitet (1809) va maxsus o’quv yurtlari mavjud. Madaniy-maishiy muassasalar: teatrlar, muzeylar, (ularda badiiy osori atiqalar to’plangan), kutubxonalar, milliy galereya kabi yirik binolar juda ko’p. Hayvonot bog’lari bor. 11-Olimpiada o’yinlari (1936) bo’lib o’tgan.