BERN
BERN — Shveytsariya poytaxti, Bern kantonining ma’muriy markazi. Mamlakatning Markaziy qismida, Aare daryosining har ikki sohilida joylashgan. Aholisi 140 ming kishi, shahar atrofi bilan birgalikda 300 ming (1995), ko’pchiligi nemis tilida so’zlashadi. Bernga 1191 yil asos solingan. 1218 yildan imperiyaning erkin shahri. 1353 yil Shveytsariya konfederatsiyasiga qo’shildi. 1848 yildan Shveytsariya poytaxti. Bern asosan ma’muriy shahar. Sanoat taraqqiyoti jihatidan Syurix. Bazel shaharlaridan keyin turadi. Bernda elektrotexnika va aniq mashinasozlik (telefon, priborlar, elektr apparaturalari, poligrafiya mashinalari va boshqalar), to’qimachilik, trikotaj, oziq-ovqat sanoati: yog’ochsozlik, poligrafiya korxonalari mavjud. Muhim transport yo’llari tuguni. Mamlakatni G’arbiy Yevropa shaharlari bilan bog’laydigan bir necha temir yo’l va avtomobil yo’llarn Berndan boshlanadi. Xalqaro aeroport bor. Shaharda bir qancha xalqaro tashkilotlarning Markaziy organlari — Jahon pochta Ittifoqi byurosi (1874 yildan), xalqaro telealoqa Ittifoqi, Mualliflik huquqini muhofaza qilish xalqaro Ittifoqi, xalqaro transport Ittifoqi byurosi va boshqalar joylashgan. Universitet (1834 yildan), Shveytsariya milliy kutubxonasi, konservatoriya, teatr (1903 y.dan), ilmiy tadqiqot muassasalari, musiqa maktablari, kutubxonalar, muzeylar (Shveytsariya, Alp tog’lari, Tarix, Badiiy va boshqalar) bor. Me’moriy yodgorliklaridan gotika uslubida qurilgan shahar boshqarmasining binosi (ratusha, 1406— 17), Sanktvintsents sobori (1424-1588) va boshqalar saqlangan. Turizm rivojlangan. Bernning mamlakatning boshqa shaharlari kabi moliya bank faoliyati dunyo ahamiyatiga ega.