BESS
BESS — axomaniylarning Baqtriya va Sug’diyonadagi satrapi (hokimi). Axomaniylar naslidan. Miloddan avvalgi 333 yil Aleksandr qo’shinlari bilan Doro III qo’shinlari o’rtasida bo’lgan Gavgamela jangida Eron otliq lashkariga qo’mondonlik qilgan. Eron qo’shinlari yengilgach, Bess Spitamen, Oksiart, Datafarn kabi lashkarboshilar hamda Doro III bilan birgalikda Sug’diyonaga chekinadi va qarindoshi Doro III ni xoinona o’ldirib, o’zini Axomaniylar davlatining oliy hukmdori—Artakserks IV deb e’lon qiladi. Aleksandr unga qarshi Ptolemey Lag boshchiligida lashkar yuboradi. Ptolemey Lag Bess turgan qishloqni qurshab olib, qishloq ahlidan uni tutib topshirishni talab qiladi, aks holda barchalarini o’ldirib, qishloqning kulini ko’kka sovurajagini aytadi. Shunda mazkur qishloq ahli Ptolemey Lag lashkariga qarshilik ko’rsatmaydi. Ptolemey Lag boshqalarni tutib bo’yniga sirtmoq solib, qipyalang’och holda Aleksandr qo’shini o’tadigan yo’l bo’yida qoldiradi. Aleksandr o’sha yo’ldan ketayotib Bessga ko’zi tushadida, undan nega o’z qarimdoshi va podshohini o’ldirganini so’raydi. Shunda Bess Doroning mulozimlari qutkuvi bilan hamda Aleksandrning ko’nglini olish uchun shunday qilganini aytadi. Aleksandr g’azablanib, Bessning burun va quloqlarini kesishni, so’ng uni Ekbatana (Hamadon)ga yuborib, o’sha yerda midiyaliklar va forslar ko’z oldida qatl etishni buyuradi. Ba’zi olimlarning (Sh. Kamoliddinov) fikricha, Bess asir olingan joy hozirgi Qashqadaryo viloyatidagi Uzunqir qal’asi xarobasi o’rnida bo’lgan, bu qal’a chekinayotgan sug’diylarning butun armiyasini sig’dira olgan. Amudaryodagi Sho’rob kechuvidan Uzunqir qal’asigacha 240 kilometr bo’lib, o’rta asr karvonlari uchun 8 kunlik yo’l bo’lgan. Yunon-makedon otryadi bir necha yerda to’xtab dam olgach, bu masofani 4 kunda bosib o’tgan. Bess o’shanda Uzunqirdan 650 metr Janubda joylashgan mahalliy hokimning qarorgohi— Sangirtepa qal’asiga yashiringan bo’lsa kerak. Ad.: Kamaliddinov Sh. S, Istoricheskaya geografiya Yujnogo Sogda i Toxaristana po araboyazichnim istochnikam IX nachala XIII vv., T., 1996, s. 17; Arrian, Poxod Aleksandra, M.— L., 1962.