BETARAFLIK
BETARAFLIK, neytralitet (nemischa, neutralitet, lotincha Neuter—u ham, bu ham emas). 1) ikki va undan ortiq tomonlarning nizo va tortishuvlariga aralashmaslik; 2) davlatning urushda va harbiy-siyosiy ittifoqlarda qatnashmaslik siyosati va o’ziga xos huquqiy maqomi. Betaraflikning quyidagi turlari mavjud: eventual Betaraflik (urush vaqtida)—davlatning biron-bir urushda qatnashmasligi; doimiy Betaraflik (Shveytsariya, 1825 yil va Avstriya, 1955 yildan)— davlatning hech qachon urushni keltirib chiqaruvchi siyosat olib bormasligi; shartnomaviy Betaraflik; an’anaviy Betaraflik (uzoq vaqt davomida Shvetsiya amal qilayotgan Betaraflik siyosati); ijobiy Betaraflik—2-jahon urushidan keyingi yillarda rivojlanayotgan mustaqil davlatlarning harbiy va siyosiy ittifoqlarga qo’shilmaslik siyosati. Biron-bir davlatga harbiy hujum qilingan holatda ular BMT Ustaviga muvofiq yakka yoki jamoa bo’lib, o’zini himoya qilish huquqiga ega.