BESHKENT BOTIG’I

BESHKENT BOTIG’I — Qashqadaryo viloyatidagi botiq. G’arbdan Buxoro va Chorjo’y tektonik pog’onalari va sharqdan Hisor tog’ining Janubiy g’arbiy tarmoqlari bilan chegaralangan. Janubi g’arbi Amudaryo uzilmasi, shimoli sharqi Qashqadaryo sinklinali bilan tutashgan. Uzunligi 160 kilometr, paleozoy zaminining chuqurligi 4000— 6000 metr. Beshkent botig’ining Janubi g’arbida (g’arbdan sharqqa) Xo’jambas, Dug’oba antiklinal zonalari va shim.sharqida Alovuddin ko’tarilmalari joylashgan. Burmalar shimoli g’arbga tomon pasaya boradi. Beshkent botig’ining g’arbidagi mezokaynozoy yotqiziqlarida bir qancha katta antiklinal bukilmalar (Ayzovot, Qamashi, Shim. Qamashi) yotadi. Har qaysisining uzunligi 20-25 kilometr, balandligi 200-250 metr. Beshkent botig’ining bir necha antiklinal bukilmalarida gaz konlari topilgan.