BESHQIZ

BESHQIZ—Surxondaryo viloyatidagi tog’lar. Sherobod Sariqamish qator tepa (gryada)lari tarkibiga kiradi. Janubi g’arbda Sherobod daryosi vodiysi va shimoli sharqda Ko’ksoy vodiysi oralig’ida. Uzunligi 12 kilometr, eng baland joyi 956 metr, chekkalarida 550-600 metrgacha pasayadi. Janubiy Sharqiy yon bag’irlari ancha tikroq va kambar, yuqori paleogenning ohaktoshlaridan tuzilgan. Shimoliy g’arbiy yon bag’irlari yuqori bo’r davrining qumtosh, alevrolit, ohaktoshlari va gipedan tashkil topgan. Paleogenning qattiq ohaktoshlari (Buxoro yarusi) tik yon bag’irlar hosil qilgan (Qangli tizmasi). Yon bag’irlarni kesib o’tgan quruq soylarda tor daralar (Qopchig’ay darasi va b.) mavjud. Erta bahorda jala yoqqan paytlarda muvaqqat oqimlar vujudga keladi. Nurash qobig’i bo’lgan joylarda to’q bo’z tuproqlar tarkib topgan, ular asosan dag’al mexanik tarkibga ega. Yon bag’irlarda qo’ng’irbosh, Iloq, efemeroidlar, ular bilan birga tog’ shuvog’i, biyurg’un, sho’ra, gulxayri, oqquray o’sadi. Bahor va kuzda yaylov sifatida foydalaniladi.