BIOGEOKIMYOVIY PROVINTSIYALAR

BIOGEOKIMYOVIY PROVINTSIYALAR — organizmlar tarkibidagi kimyoviy element (birikma) ning miqdoriga ko’ra bir-biridan farq qiladigan oblastlar. Biogekimyoviy provintsiyalarda ayrim kimyoviy elementning kam yoki ortiq bo’lishi oqibatida o’simliklar va hayvon organizmlarida turli biologik o’zgarishlar ro’y beradi. Biogekimyoviy provintsiyalar kichik maydonni yoki butun qit’ani o’z ichiga olishi mumkin. Biogekimyoviy provintsiyalarni O’zbekistonda birinchi bo’lib M. A. Rish o’rgandi (1960). U O’zbekiston hududini uchta katta Biogekimyoviy provintsiyalarga ajratgan: 1. Avtomorf provintsiya gipsli, qumli cho’llar va tog atrofi chala cho’llarini o’z ichiga oladi. Bu provintsiyalarning tuprog’i tarkibida mikroelementlar miqdori kam bo’ladi. 2. Gidromorf provintsiya — qayirlar, katta daryo deltalari va yer osti suvlariga yaqin qiyaliklarni o’z ichiga oladi. Unda marganes, molibden, bor mikroelementlari to’plangan, tuproqda organik elementlar mikdori yetarli bo’ladi. 3. Tog’lik va interzonal provintsiyalarga Zarafshon, Turkiston tizmalari va ularning g’arbiy tarmoqlari atrofi kiradi. Ayrim joylardagi tuproqlar molibden, vanadiy, xrom va boshqa mikroelementlarga boy. Tuproqdagi mis miqdoriga binoan O’zbekiston hududi yana 2 katta provintsiyaga bo’linadi: 1. Mis kam bulgan provintsiya — bu yerdagi hayvonlar ko’pincha enzootik ataksiya va dermatit kasalliklariga yo’liqadi. O’zbekistonda xronik formadagi bu kasalliklarni xalq burang, bo’riq, belangi, belqurti, boyqush xatlagan, cho’nqayma deb ataydi. Bu kasallik ko’pincha qo’zi va uloqlarda uchraydi. 2. Mis miqdori o’rtacha bo’lgan provintsiya; bu yerdagi chorva mollari kup kasallanmaydi. Joylarni Biogekimyoviy provintsiyalarga bo’lish qishloq xo’jalikda kimyoviy elementlardan rasional foydalanishda, zootexnikada va boshqa sohalarda katta ahamiyatga ega.