O’QUVCHI VA O’SMIRLAR TEXNIKA IJODIYOT MARKAZI
O’QUVCHI VA O’SMIRLAR TEXNIKA IJODIYOT MARKAZI, Respublika o’quvchi va o’smirlar texnika ijodiyot. markazi — o’quvchi va o’smirlar bilan texnikaga oid mashgulotlar olib boruvchi maktabdan tashqari bolalar muassasasi. O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tasarrufida. 1930 yil bolalar texnika va qishloq xo’jalik stantsiyasi nomi bilan tashkil etilgan. 1934 yildan texnika stansiyasi, 1948 yildan Respublika yosh texniklar stansiyasi, 1960 yildan Markaziy yosh texniklar stansiyasi deb nomlangan; 1991 yildan hozirgi nomda. Markaz o’quvchi va o’smirlarning bo’sh vaqtlarini ko’ngilli hamda unumli o’tkazishlari uchun ularni texnika to’garaklariga jalb etib, texnikaga bo’lgan havasini kuchaytiradi, maktabda olgan nazariy bilimlarini amalda sinab ko’rish imkoniyatini yaratadi, texnikaga oid bilimlarini boyitadi, kasb-hunarga bo’lgan layoqatlari, qiziqishlarini aniqlashga yordam beradi. Shuningdek, sportning texnika turlari bo’yicha kadrlar tayyorlash va musobaqalar o’tkazishni tashkil etadi. 2005 yil O’zbekiston Respublikasida 136 texnika ijodiyot markazi, 8309 to’garak va 2715 to’garak rahbari faoliyat yuritdi; to’garak mashg’ulotlarida 66 yo’nalish bo’yicha 92 ming o’quvchi va o’smir ishtirok etdi.