BISAU

BISAU (Bissau), Bissau — Gvineya Bisau Respublikasi poytaxti. Bisau Muxtor sektorining ma’muriy markazi. Aholisi 197,7 ming kishi (1996). Atlantika okeani sohilidagi port; xalqaro ahamiyatga ega aeroport bor. Mamlakatning 60% ga yaqin sanoat korxonalari Bisauda joylashgan. Oziq-ovqat, taxta tilish, mebel ishlab chiqarish, yengil sanoat korxonalari mavjud. Kema ta’mirlash ustaxonalari bor. Chetga kopra, yer yong’oq, palma moyi, ko’nteri xom ashyosi va yog’och (o’rmon) mahsulotlari chiqariladi. Shaharga 17-asrda asos solingan. Tarixiy-badiiy muzeylar bor.