BOBRLAR

BOBRLAR (Castor), suv qunduzlari — bobrsimonlar oilasining yagona urug’i. Uzunligi 100 (ba’zan 130) santimetr, og’irligi 30 kilogrammgacha. Suvda yashashga moslashgan. Burun teshigi suvda bekiladi. Oyoqlari kalta, besh barmoqli; barmoqlari orasida parda bo’ladi.Orqa oyoqlari kuchli rivojlangan. Keyingi oyoqlari ikkinchi barmog’ining tirnoqlari ikkiga ajralgan bo’lib, yungini tarash uchun xizmat qiladi. Juni uzun, qalin va yumshoq, och qo’ng’irdan qoramtir qo’ng’irgacha tusda bo’ladi. Momiq junlari yaxshi rivojlangan. Belkurakka o’xshash dumi yungsiz (uzunligi 30 santimetrgacha, kengligi 10-13 santimetr). 2 turi bor. Kanada Bobrlar (S. canadensis) — shimoliy Amerikaning Alyaskadan Meksikagacha bo’lgan hududlarida tarqalgan. Finlyandiyada va Rossiyaning turli viloyatlarida iqlimlashtirilgan. Yevropa, ya’ni daryo Bobrlar (S. fiber) — Yevrosiyoning o’rmon zonasida, suv toshadigan o’rmon va cho’l mintaqalarida tarqalgan. Rossiyada 20-asr boshlarida qimmatbaho terisi uchun ko’plab ovlaiganidan ko’p joylarda qirilib ketgan edi. Ovlash taqiqlanishi va qo’riqxonalar tashkil qilinishi bilan soni ko’payib, 60-yillardan boshlab yana ovlana boshlangan. Bobrlar kechasi va shomda faol hayot kechiradi, qishda faolligi kamayadi. Suv havzalari qirg’og’ida in qaziydi yoki shoxshabbalar va tuproqdan uya quradi, kichik soylar va daryolarning suvini shoxshabbalar bilan to’sib, to’g’on quradi. Yiliga bir marta 1 dan 6 tagacha ko’zi ochiq va tanasi Yung bilan qoplangan bola tug’adi. Daraxt po’stlog’i va keng bargli daraxtlarning shoxshabbalari bilan oziqlanadi. Qishga oziq g’amlaydi. 35— 40 yil yashaydi. Qimmatbaho mo’ynasi uchun ovlanadi, maxsus fermalarda ko’paytiriladi.