BOYOSTON ADIRLARI

BOYOSTON ADIRLARI — Farg’ona botig’ining shimoli sharqidagi adirlar, Bosbutov tizmasining Janubi g’arbida joylashgan. Boyoston adirlarining aksari qismi Qirg’izistonda, shimoli Sharqiy bo’lagi Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida. Janubi g’arbdan shimoli sharqqa tomon 50 kilometrga cho’zilgan. O’rtacha balandligi 1000-1200 metr, eng baland joyi (shimoli sharqida) 1500 metr. Suvayirg’ich qismi yassi, ba’zan mayda tepaliklardan iborat, Farg’ona vodiysiga zinapoyasimon pasayib tushadi. Yon bag’irlari soylar (Podshootasoy, Namangansoy, Kosonsoy va boshqalar) va quruq o’zanlar bilan o’yilgan. Boyoston adirlari negizi paleozoyning kristalli jinslaridan, yuzasi yura, bur, paleogen, neogen va to’rtlamchi davrlarning cho’kindi (gil, qumtosh, konglomerat, lyossimon) qatlamlaridan tashkil topgan. Boyoston adirlarining O’zbekistondagi qismi o’zlashtirilgan, qolgan joylari asosan yaylov. Yaylovlardagi tipik bo’z va to’q bo’z tuproqlarda efemer, efemeroidlar, ayniqsa, Ferula, chayir keng tarqalgan.