BOLIVIYA
BOLIVIYA (Bolivia), Boliviya Respublikasi (Republica de Bolivia) Janubiy Amerikaning Markaziy qismida joylashgan davlat. Maydoni 1098581 kilometr kvadrat. Aholisi 7,5 million kishi (1996). Rasmiy poytaxti — Sukre, hukumati joylashgan amaldagi poytaxti — Lapas. Ma’muriy jihatdan 9 departamentga, departamentlar 98 viloyatga bo’linadi. Davlat tuzumi. Boliviya — unitar respublika. 1967 yil 2 fevralda qabul qilingan Konstitutsiyaga ko’ra davlat boshligi — prezident. U 5 yil muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyati — Milliy Kongress bo’lib, u ikki palata: Senat va deputatlar palatasidan iborat. Deputatlar va senatorlar umumiy to’g’ri ovoz berish yo’li bilan 4 yil muddatda saylanadi. Ijroiya hokimiyatini prezident va hukumat amalga oshiradi. Hukumatni prezident tayinlaydi va unga boshchilik qiladi. Tabiati. Boliviyaning g’arbini and tog’lari va baland tog’li Puna platosi egallaydi. Punaning shimoli g’arbida LAVA platolari, Janubi sharqida balandligi 3800 metrgacha bo’lgan tog’ havzalari bor; qoldiq ko’llar (Poopo) va sho’rxoklar uchraydi. Titikaka ko’lining bir qismi ham Boliviya hududida. Shimoli sharqidagi tekisliklar Amazonka pasttekisligiga tomon astasekin pasaya boradi va bu yerda Beni va Mamore daryolari tizimiga kiradigan soyjilg’alar oqib yotadi. Boliviyada qalay, volfram, molibden, surma, mis, rux, qo’rg’oshin va kumush konlari bor. Boliviya g’arbida yiliga 150 millimetrgacha, sharqida 500-600 millimetr, And tog’lari yon bag’rida 2000 millimetrgacha yog’in yog’adi. Punada iyulning o’rtacha temperaturasi 3-7°, yanvarniki 9-11°. Sharqiy tekisliklarda (shimolda) 4-5 oydan (Janubda) 9 oygacha qurg’okchilik bo’ladi. Iyulning o’rtacha temperaturasi 17-22°, yanvarniki 24-28°. Iqlimiga shimolda 1300— 1600 millimetr, Janubda 800 millimetrgacha yog’in tushadi. Boliviyada tezoqar, kichik tog’ daryolari ham bor. Mamlakat shimoldagi daryolar tropik yomg’irlar davrida toshadi va 120 ming kilometr kvadratgacha maydonni suv bosadi. Boliviya g’arbida chala cho’l o’simliklari, sharqida baland tog’tropik dasht o’simliklari o’sadi. And tog’larining Sharqiy yon bag’rida tropik o’rmonlar, Sharqiy tekisliklarda asosan savanna o’simliklari o’sadi; shimolda gileya, Janubda siyrak tropik o’rmonlar ham uchraydi. Hayvonlardan maymun, zirhaor, tapir, kemiruvchilar, qushlar, sudraluvchilar, hasharotlar va boshqalar bor. Milliy bog’lari: Isiboro Sekurs, Uanchaka, Pilon Laxas va boshqalar. Aholisi. Boliviya aholisining 2/3 qismi kechua va aymara nomli indeys xalqlari; qolganlari ispan tilida gaplashadigan boliviyaliklar, aksari duragaylar, kisman ispanlardan tarqalgan kreollardir. Boliviyaning sharqidagi tropik o’rmonlarda turli qabilalarga mansub indeyslar yashaydi. Rasmiy tillari — ispan, kechua va aymara tillari. Aholisining yarmisi kechua, aymara, guarani tillarida gaplashadi. Shahar aholisi 58%. Dindorlar — asosan katoliklar. Eng yirik shaharlari: Lapas, Kochabamba, Santa Krus, Oruro, Sukre. Tarixi. Boliviya hududida qadimdan ibtidoiy jamoa tuzumi bosqichidagi indeys qabilalari yashab kelgan. 14- asr boshlarida Boliviya hududi Ink davlati tarkibiga kirgan. 1532-38 yillarga kelib, ispanlar zabt etdi va mahalliy xalqdan bir necha o’n ming kishi qirib tashlandi. Boliviya 300 yil mobaynida Ispaniya imperiyasi tarkibida bo’lib (1542 yildan Boliviya hududi Peru, 1776 yildan Laplata vitse qirolligi tarkibiga kirgan), Yuqori Peru deb atalgan. 1809-25 yillar mobaynida ispanlar istibdodiga qarshi milliy ozodlik urushlari bo’lib turdi. 1824 yil 9 dekabrda Simon Bolivarning safdoshi general Sukre ispan qo’shinlarini tormor keltirdi. 1825 yil 8 avgustda yuqori Peru mustaqil deb e’lon qilindi va Bolivar sharafiga Boliviya deb ataddi. Bolivar mamlakat Prezidenta qilib saylandi, lekin u mamlakatni idora qilishni Sukrega topshirdi. 1836-39 yillarda Boliviya Peru bilan yagona konfederatsiya tashkil etdi. 1879-83 yillarda Boliviya bilan Peruning Chiliga qarshi, 1932-35 yillarda Paragvayga qarshi urushida Boliviya o’zining qalay va selitraga boy dastlabki hududining 2/3 qismini yo’qotdi. 1-jahon urushida Boliviya betaraflik siyosatini tutgan bo’lsada, mamlakat iqtisodiy resurslari Antanta davlatlari manfaatiga xizmat qildi. 1943 yil aprelda Boliviya Germaniya, Italiya va Yaponiyaga urush e’lon qildi, ammo urush harakatlarida qatnashgani yo’q. 1952 yilda Boliviyada harbiy diktatura rejimiga qarshi qo’zg’olonda «Milliy inqilobiy harakat» partiyasi armiyani tor-mor keltirdi. Qalay sanoati davlat ixtiyoriga olindi va agrar islohotlar o’tkazila boshladi. 1964 yil 4 noyabrda Boliviya reaktsionerlari mamlakatda harbiyfashistik diktatura o’rnatdi. Agrar islohotlar to’xtatildi, korxonalar amerikaliklarga qaytarib berila boshladi. 1967 yilda mamlakatning ko’pgina joylarida partizanlar harakati boshlandi. Yirik kasaba uyushmasi — Boliviya ishchilar markazi demokratik tuzumni qayta tiklash, mehnatkashlarning turmushini yaxshilash va qishloq xo’jaligida islohotlar o’tkazish uchun kurashdi. 1970 yil 4 oktarda vatanparvar kuchlar rahbari general Xuan Xose Torres prezidentlik lavozimini egallab, mustaqil tashqi siyosat yurita boshladi. Biroq 1974 yilda hokimiyatni qo’lga olgan harbiy hukumat demokratik kuchlarni ta’qib qilish yo’lini tutdi. 80-yillarda mamlakatning ichki siyosiy ahvoli beqaror bo’lib turdi. 1985 yilgi saylovdan keyin Boliviya prezidentlik boshqaruviga o’tdi. 1997 yil 2 avgustda Boliviya Milliy Kongressi tomonidan saylangan prezident Ugo Banser Suares hukumati mamlakatni mustaqil idora qila boshladi. 1945 yildan BMT a’zosi. Milliy bayrami — 6 avgust — Mustaqillik e’lon qilingan kun (1825). Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. Fuqarolar «Birdamlik» Ittifoqi, partiya, 1989 yilda tashkil etilgan; so’l millatparvar inqilobiy partiya, 1964 yilda tuzilgan; so’l millatparvar inqilobiy harakat, 1979 yilda rasmiylashgan; Boliviya Kommunistik partiyasi, 1950 yilda tuzilgan; so’l inqilobiy harakat, 1971 yilda asos solingan; millatparvar demokratik harakat, 1979 yilda tuzilgan; Millatparvar inqilobiy harakat, 1942 yilda asos solingan; sotsialistik partiya1, 1971 yilda asos solingan; Tupak Katari nomidagi ozodlik uchun inqilobiy harakat, 1978 yil tashkil etilgan; Xristian demokratik partiya, 1954 yil asos solingan. Boliviya ishchilar markazi kasaba uyushmasi, 1952 yilda tuzilgan. Xo’jaligi. Boliviya iqtisodiyotining asosini konchilik sanoati tashkil etadi. Qishloq xo’jalik zaif rivojlangan va mamlakatni oziq-ovqat bilan ta’minlay olmaydi. Sanoati. Boliviya qalay qazib olish va eksport qilishda dunyoda oldingi o’rinlardan birida turadi. Surma, volfram, mis, rux, qo’rg’oshin va vismut rudalari, oltin, kumush, oltingugurt ham qazib chiqariladi (asosiy konchilik markazlari — Oruro, Potosi, Tupisa, Korokoro va boshqalar). Asosiy neft konlari Chukisoka, tarixa departamentlarida joylashgan. Elektr energetika, rangli metallurgiya, neft kimyosi, to’qimachilik (ip va jun gazlama), oziqovqat korxonalari bor. Hunarmandchilik rivojlangan. 1,9 milliard kVtsoat elektr energiyasi hosil qilinadi (asosan GESlarda). Qishloq xo’jaligi ningasosiy tarmog’i — dehqonchilik. Asosiy oziq-ovqat ekinlari — kartoshka va makkajo’xori. Bundan tashqari sholi, bug’doy, paxta, shakarqamish, kofe, banan, kakao va boshqalar ham yetishtiriladi. Qo’y, qoramol, Lama, cho’chqa boqiladi. O’rmonlarda geveya sharbati, Xin daraxtining po’stlog’i va koka barglari yig’ib olinadi. Transporti. Temir yo’llarning uzunligi — 3,9 ming kilometr, avtomobil yo’llari — 38,9 ming kilometr (1996). Titikaka ko’lida kemalar qatnaydi. Daryo yo’llari — salkam 20 ming kilometr. Neft quvurlari ko’p. Tog’li hududlarda otulovning ahamiyati katta. Mamlakatning 30 shaharida aeroport bor. Asosiy aeroporti — Lapas. Tashqi savdo uchun Boliviya Molendo (Peru) va Antofagasta (Chili) portlaridan foydalanadi. Chetga asosan konchilikruda sanoati mahsulotlari, neft, tabiiy gaz, paxta, kofe chiqaradi. Chetdan oziq-ovqat mahsulotlari, mashinalar, asbob-uskunalar, binokorlik materiallari, xom ashyo va chala tayyor mahsulotlar oladi. Savdo sohasidagi asosiy mijozlari: AQSh, Braziliya, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Argentina, Germaniya, Chili, Peru. Pul birligi — boliviano. Tibbiy xizmati. Boliviyada davlatning ba’zi kasalxona, ambulatoriya va tibbiy yordam postlaridan tashqari barcha tibbiy muassasalarda tibbiy yordam pulli. Vrachlarni uchta universitetning tibbiyot fakultetlari tayyorlaydi. Maorifi, ilmiy va madaniyma’rifiy muassasalari. Boliviyada 15 dan yusqori yoshdagi aholining 50% savodsiz. Mamlakatda 7 yoshdan 14 yoshgacha bo’lgan bolalarning umumiy majburiy ta’limi haqida qonun qabul qilingan. Yoshlar umumiy o’rta, hunar-texnika va pedagogika maktablarida, oliy o’quv yurtlarida ta’lim oladilar. Yirik oliy o’quv yurtlari: Lapas, Kochabamba, Potosi, Sukre untlari. Ilmiy markazlari: Milliy Fanlar Akademiyasi, Tarix akademiyasi, Boliviya akademiyasi. Kutubxonalari: universitetlarning kutubxonalari, Madaniyat departamentining kutubxonasi, LaPasdagi munisipal kutubxona. Muzeylari: LaPasdagi «Tiaunako» milliy muzeyi, Potosidagi zarbxona milliy muzeyi. Matbuoti, radioeshittirishi, teleko’rsatuvi. Yirik ommaviy kundalik gazetalari: «Diario» («Gazeta», 1904 yildan), «Deber» («Burch», 1953 yildan), «Oy («Bugun», 1968 yildan), «Ultima ora» («So’nggi soat», 1929 yildan), «Rason» («Idrok», 1990 yildan). Axensia de Notisias Fides—ANF axborot agentligi 1979 yilda tashkil etilgan. Bosh aloqa boshqarmasi — hukumat radioeshittirish xizmati mavjud. Mamlakatda 158 radiostansiya bo’lib, ularning ko’pchiligi tijorat asosida ishlaydi. Teleko’rsatuv 1969 yildan olib boriladi, uning bir kanalini hukumat nazorat qiladi. Adabiyoti asosan ispan tilida. Boliviyada qadimgi indeys madaniyati namunalaridan «Olyantay» nomli boliviyaperu dramasi saqlangan. Mustamlaka davri (16-18- asrlar) adabiyotida F. Guaman Pom, A. de Kalanchaning tarixiy xronikalari diqqatga sazovor. 18-asr oxiridan boshlab mustaqillik uchun kurash davrida vatanparvarlik publitsistikasi va she’riyati yaratildi. 19-asr Boliviya adabiyotida romantizm hukmronlik qildi. Uning yirik namoyandalari: R. X. Bustamante, N. Galindo, M. X. Muxia, B. Lens va boshqalar. Bu davrda romantizm bilan bog’liq holda indeyslar hayotiga qiziqish kuchaydi. N. Agirrening «Xuan de la Rosa», L. Ansoategi de Kamperoning «Ualparrimachlar», A. Argedasning «Bronza rangli irq» romanlari shu mavzuga bag’ishlandi. «Olov oqim» (1935, O. Serruto), «Iblis metall» (1946, A. Sespedes), «Ajal shaxtalari» (1962, F. Ramires Velarde) romanlarida konchilarning og’ir hayoti, inqilobiy kayfiyatlari tasvirlandi. Boliviyaning yirik yozuvchilaridan M. Mendosa Lopes, X. Felman Velarde asarlarida, mashhur yozuvchi X. Laraning «Surumi» (1945), «Yanakuna» (1952), «Qonimiz» (1959) romanlarida ijtimoiy tenglik uchun kurash masalalari o’z ifodasini topdi. Me’morligi va tasviriy san’ati. 5— 8-asrlarda Boliviya tog’li joylari me’morligida Tiauanako madaniyati gullab yashnadi (katta yaxlit toshlardan yasalgan inshootlar, afsonalardagi qahramonlarni aks ettiruvchi tosh haykallar va boshqalar). 16-18-asrlarda Boliviyada Potosi, Sukre, Lapas, Kochabamba, Oruro kabi shaharlar qurildi. Bu shaharlarda mahalliy aholi ustalari ishtirokida ibodatxonalar, saroylar va boshqa binolar barpo etildi. Ularda indeyslarning qadimgi san’at va me’morligi bezaklaridan foydalanilgan. 19-20-asrlarda Boliviyada sanoat va jamoat binolari qurila boshladi. Bu binolar Yevropa va Amerika me’morligi uslubida, turar joy binolari qadimgi Boliviya me’morligi uslubida kurilgan. 19-asr oxiri va 20-asr boshlarida rassomlardan A. Nogales, X. Garsia Mesa, S. Iturralde ijod qildilar. 20- asr boshlarida Boliviya san’atida modernizm oqimi keng tarqaldi. 20-yillarga kelib, millim rassomlik maktabi tarkib topdi. Keyingi yillarda rassomlardan S. Gusman de Roxas, B. Berdesio, V. S. Romero, M. Exido, haykaltarosh M. Nunes del Prado o’z asarlarida xalq tarixi va hayotini, zamondoshlar obrazini, tabiat go’zalligini aks ettirdilar. 20-asr o’rtalaridan ko’p qavatli temir-beton binolar qurila boshladi, shaharlar ta’mirlandi, sanoat korxonalari qurildi. Musiqasi. Boliviyada indeyslar musiqasi — beguala, vidala, uanka kabi lirik qo’shiqlar, uayno, uaynito, nombo kabi cholg’u asboblari, qamish nay, do’mbirani eslatuvchi putunka keng tarqalgan. Ispaniyadan o’tgan olti torli gitara boliviyaliklarning sevimli sozi hisoblanadi. 19-asr oxiri va 20-asr boshlaridagi yirik kompozitorlar E. Kabo, T. Vargas, X. Maydanadir. La Pasda milliy konservatoriya va milliy simfonik orkestr bor. Teatri. 16-17-asrlarda missionerlar Potosidagi bayram va sayillarda teatrlashtirilgan tomoshalarni tashkil etishgan. 1617-19 yillarda La Pasda ikkita teatr ochildi. Bayram kunlaridagi karnavallar milliy madaniyatning o’ziga xos xususiyati bo’lib qolgan. Ashula va raqslar orasida diablados deb atalgan va yaxshilik bilan yomonlikning kurashi tasvirlanadigan tomoshalar ko’rsatilgan. Professional teatr san’ati suet rivojlangan. Sukre shahridagi yozgi teatr ahyonahyonda ishlaydi, unda yarim professional truppalar qatnashadi. Mahalliy dramaturglardan R. Muxia, X. Berrios, M. Flores, A. Saavedra Peres va boshqalarning pesalari sahnalashtirilgan. La Pasda sahna san’ati va deklamatsiya akademiyasi bor. 1949 yil teatr va radio arboblari jamiyati tashkil etilgan. Kinosi. 1943 yilda tashkil etilgan Boliviya kino instituti asosan hujjatli filmlar tayyorlaydi; yiliga bir nechagina badiiy film chiqaradi. Mashhur filmlari: «Ukamau», «Kondor qoni» (rejissyor X. Sanximes). 1996 yilda O’zbekiston Respublikasi bilan Boliviya o’rtasida savdoiqtisodiy munosabatlardagi tovar aylanmasi 4,84 million AQSh dollarini tashkil qildi, mamlakatimizga rux rudalari va kontsentratlari keltirildi.