BOSINQIRASH

BOSINQIRASH — uyqusirash uyquning buzilish xillaridan biri. Bunda kishi hadeganda uxlay olmaydi, uxlaganida ham har xil qo’rqinchli tushlar ko’radi. Uyqusida g’uldirab, tushunib bo’lmaydigan, mazmunsiz gaplar aytadi, g’alati tovushlar chiqaradi. Ruhiy yoki jismoniy jihatdan qattiq charchagan kishilar, shuningdek ichki kasalliklar bilan og’rigan ba’zi bemorlar o’qtino’qtin bosinqiraydi. Ayrim hollarda Bosinqirash ba’zi ruhiy kasalliklarning ilk belgisi bo’lishi ham mumkin. Bosinqirash odati bor kishilar, albatta, shifokorga uchrashib, tegishli maslahat olishlari, Bosinqirash sababini aniqlab, davolatishlari lozim. Bosinqiraydigan kishilar yotishdan oddin kofe, achchiq choy ichish, shuningdek hayajonlanadigan kitob o’qish yoki film ko’rishga odatlanmasliklari kerak. Bosinqirashning oldini olishda eng muhim vosita uyqu oldidan ochiq havoda sayr qilishdan iborat.