BOSMAXONA

BOSMAXONA — matbaa mahsulotlari (kitob, jurnal, gazeta, plakat, blank va boshqalar) tayyorlaydigan sanoat korxonasi. Qadimda risolalar asosan qo’lyozma tarzida tayyorlangan. Sharqda qo’lyozmalarni xattotlar bejirim qilib oqqa ko’chirib, naqqoshlar bezaklar bilan bezashgan, muqovasozlar varaqlarni tikib va qolipga tortib, kitob holida chiqarishgan. Kitob bosishga doir dastlabki tajribalar Xitoyda 1041-48 yillarda amalga oshirilgan (Bi Shen). Dastlabki Bosmaxona Germaniyada I. Guttenberg tomonidan 1445 yil tashkil qilingan. Turkistonda birinchi bosma kitob 1868 yil Turkiston harbiy okrugi shtabi (Toshkent) Bosmaxonasida chop qilindi. Birinchi rasmiy gazeta— «Turkestanskie Vedomosti» ham shtab Bosmaxonasida bosila boshladi. O’zbek tilida nashr qilingan birinchi kitob Shohimardon Ibrohimovning «Kalendar» («Taqvim») kitobi (1871) bo’ldi (Sh. Ibrohimov bir necha yil «Turkiston viloyatining gazeti»da tarjimonlik qilgan, keyinroq muharrir muovini lavozimida ishlagan). 1874 yil Xiva shahrida Muhammad Rahimxon (Feruz) tomonidan litografiya (toshbosma) qurildi va u yerda 19-asr 80-yillaridayoq ancha-muncha kitoblar bosildi. Unda 1880 yilda Alisher Navoiyning «Xamsa»si, shoir Munis Xorazmiyning «Devoni Munis» va «Devoni Roji» bayozlari bosilib chikdi. 1898 yil Toshkentda eski shahar markazida hozirsi 1-bosmaxona tashkil qilinib, bu yerda o’zbek, tojik, turkman, qozoq va qirg’iz tillarida darsliklar chiqarila boshladi. Ayni vaqtda u matbaachi kadrlar va matbaa tashkil otchilari tayyorlaydigan markazga aylandi. Keyinchalik Toshkentda, viloyatlar va tumanlar markazlarida birinketin Bosmaxonalar qurildi. O’zbekistonda 123 Bosmaxona faoliyat ko’rsatadi (2000). Shundan «Sharq» nashriyot-matbaa aktsiyadorlikjamiyati bosmaxonasi, O’zbekiston Respublikasi Davlat matbuot qo’mitasi ijaradagi Toshkent matbaa kombinati, rangli bosma fabtikasi, kitob-jurnal fabrikasi, birinchi Toshkent bosmaxonasi, Yangiyo’l kitob fabrikasi, «Fan» nashriyoti bosmaxonasi va Nukus matbaa kombinati, O’zbek-Britaniya «Rastr» qo’shma korxonasi yirik Bosmaxona hisoblanadi. Bosmaxonalarning har xil turlari mavjud. Ikki yoki undan ko’p bosma usullaridan foydalanadigan Bosmaxona matbaa kombinati deb ataladi. Asosan ofset bosma yoki chuqur bosma usullarida ishlaydigan Bosmaxona fabrika (masalan, xarita fabrikasi, kitob fabrikasi, rangli bosma fabrikasi, harf terish fabrikasi) deb ataladi, tayyorlaydigan mahsuloti turiga qarab Bosmaxona gazeta, jurnal, kitob, plakat, xarita, Blank chiqaradigan va boshqa turlarga bo’linadi. Bosmaxonalar yirik, o’rta va kichik xillarga ham ajratiladi. Bosmaxonalar birlashib, matbaa ishlab chiqarish birlashmalarini tashkil qilishi mumkin. Bosmaxonaning asosan bosma qoliplar tayyorlash, bosish, mahsulotlarni pardozlash va yordamchi tsexlari bo’ladi. Qoliplar tayyorlash tsexida yuqori bosma usuliga — harf terish, tsinkografiya klishelari va quyma stereotiplar; ofset usuliga — qolip va monometall (alyuminiy, rux), bimetal va trimetall (masalan, po’lat, mis, xrom); chuqur bosmaga — mis yoki xromlangan qoliplar tayyorlaydi. O’zbekiston mustaqillikka erishgandan so’ng Bosmaxonalar tubdan qayta jihozlandi. Bosmaxonalarda matn va rasmlar zamonaviy kompyuterlarda terilmoqda va chop etilmoqda. Chop etish jarayonida adadining kamko’pligiga qarab yuqori tezliqda ishlaydigan g’altak (rotastiya) hamda tekis bosma, bir va ko’p rangli bosma mashinalar ishlatilmoqda. Pardozlash tsexida ham adadining kamko’pligiga qarab yakka stanoklar yoki katta agregatlar, potok liniyalar qo’llanilmoqda.