BOSH ISTISQOSI
BOSH ISTISQOSI, gidrosefaliya, miya istisqosi — kalla bo’shlig’ida orqa miya suyuqlig’ining ortiqcha yig’ilishi va kalla ichi bosimining oshishi oqibatida kelib chiqadigan kasallik. Tug’ma va orttirilgan xillari bor. Tug’ma Bosh istisqosi onadagi yuqumli kasalliklar, shikastlanish va zaharlanishning homilaga ta’siri natijasida vujudga kelib, bola tug’ilishi bilanoq yuzaga chiqadi. Bunda bolaning boshi juda tez kattalashadi, ayniqsa peshona va tepa suyak do’mbog’i turtib chiqadi, suyaklari yuqalashadi; chekka va peshona sohasidagi vena tomirlari bo’rtadi, ko’rish, eshitish faoliyati buziladi, qo’l-oyoq qisman falajlanib, keyinchalik tuzuk yura olmaydi. Moddalar almashinuvi (suv, uglevod va yog’ almashinuvi) izdan chiqadi; yog’ almashinuvining buzilishi tufayli ba’zan bemorni yog’ bosadi yoki aksincha juda ozib ketadi. Bola juda bo’shang, uyquchan bo’ladi, ruhiy rivojlanishi kechikadi. Orttirilgan Bosh istisqosida tug’ilgandan keyin bosh miya pardasining infektsion kasalliklari (meningit va meningoentsefalit) yoki kalla shikastlanishi (ko’pincha tug’ilishda shikastlanishi) natijasida ro’y beradi. Bosh istisqosining bu xilida bemorning eshushi deyarli o’zgarmaydi. Bunda bosh aylanadi, qattiq og’riydi, bemor qayt qiladi, og’irroq kechganida esa hushidan ketadi, qo’loyog’i falaj bo’lib qoladi. Bosh istisqosining oldini olish uchun kasallikka sabab bo’lgan omillarni vaqtida bartaraf etish, davolash esa kalla ichi bosimini kamaytirishga qaratilishi lozim.