BO’D

BO’D (Arabcha — oraliq, masofa, chaqirim; ko’pligi ab’od) — bir yoki turli vaqtda eshitilayotgan ikki tovush, nag’ma, pardaning o’zaro balandpastlik munosabatlari. Yevropa musiqasidagi interval tushunchasiga qisman mos. Bo’d O’rta va yaqin sharq musiqa nazariyasining asosiy tushunchalaridan biri bo’lib, dastlab Forobiy, keyinchalik Ibn Sino, Ibn Zayla, Zaynulobiddin, Urmaviy, Jomiy va boshqa olimlarning asarlarida matematika qoidalar asosida ta’riflangan. Bo’d lar ochiq (butun) torga nisbatan torning ma’lum bo’lagidan hosil etilgan va nisbiy sonlar bilan ifodalangan. Masalan, ochiqtordagi tovush asosiy (mutlaq) parda deb faraz etilsa, torning 1/2 bo’lagida — zulkull (lotincha oktava), 2/3 bo’lagida — zulxams (kvinta), ¾ bo’lagida—zularba’ (kvarta), 8/9 bo’lagida — taniniy (katta sekunda), 243/256 bo’lagida — Baqiya (90 tsentli kichik sekunda) kabi Bo’dlar hosil qilinadi. Nazariy jihatdan Bo’dlarning soni chegaralanmagan bo’lsada, musiqa amaliyotida asosan 9 tasi qo’llanilgan. Ular muloyim (yoqimli, lotincha konsonans) va mutanofir (yoqimsiz, dissonans) turlarga ajratilgan. Muloyimlar — zulkull marratayn (kvintdesima), zulkull valxame (duodesima), zulkull valarba’ (Undesima), zulkull, zulxams, zularba’lar; qolganlari mutanofirdir. Ad.: Abduraxman Djami, traktat o muzike (Per. A. Boldireva), T., 1960; Rajabov I., Maqomlar masalasiga doyr, T., 1963.