BRONZA

BRONZA, birinj 1) texnikada — misning qalay, alyuminiy, kremniy, berilliy, qo’rg’oshin va boshqa elementlar bilan qotishmasi. Masalan, mis bilan qalay qotishmasi qalayli Bronza deb ataladi. Qalayli Bronza ishqalanishga yaxshi chidaydi, suv va bug’da deyarli zanglamaydi, qolipga yaxshi quyiladi, quyilganda 1% dan ham kam kirishadi. Ishqalanadigan detallar, jo’mraklar, uch yo’llik (troynik)lar va boshqa tayyorlash uchun ishlatiladi. Bronzaning mexanik xossalari tarkibidagi qalay miqdoriga bog’liq bo’ladi: qalay 20% dan sal oshguncha mustahkamligi ortib borib, so’ngra tez pasayadi, qalay taxminan 5% dan ortgach, plastiklik xossasi pasaya boradi. Qalayli Bronzalarga legirlovchi elementlar sifatida rux, qo’rg’oshin, nikel va boshqa ba’zi elementlar qo’shiladi. Alyuminiyli Bronza mexanik xossasi, kimyoviy ta’sirlarga chidamliligi, suyuq holatda oquvchanligi va boshqa ba’zi xossalari jihatidan qalayli Bronzadan ustun turadi. Termik ishlov berib, ularning mexanik xossalarini yaxshilash mumkin. Bular xilma-xil vtulkalar, shesternyalar, yo’naltiruvchilar va boshqa muhim detallar tayyorlash uchun ishlatiladi. Tarkibida 3-4% kremniy bo’lgan Bronzaning mexanik xossalari qalayli Bronzalarnikidan yaxshi bo’ladi, ammo qolipga quyilganda ko’proq kirishadi. Kremniyli Bronzalarning qolipga quyilish va kesib ishlanish xossalarini yaxshilash uchun ularga rux yoki qo’rg’oshin qo’shiladi. Berilliyli Bronza 2% berilliy bilan 98% misdan iborat qotishma. Oldin toblanib, so’ngra bo’shatilsa, qattiq va mustahkam bo’lib qoladi. U puxta, plastik, yaxshi payvandlanuvchan, oson kesib ishlanadigan va korroziyaga chidamli bo’lgani uchun undan prujinalar, membranalar, zarb bilan ishlaydigan asbob va boshqalar tayyorlanadi. Qo’rg’oshinli Bronzaning mashinasozlikda antifriktsion material sifatida eng ko’p ishlatiladigani 30% qo’rg’oshin va 70% misdan iborat; 2) san’atda — qadimdan amaliy bezak va haykaltaroshlik asarlari xom ashyosi (qalayli Bronza qo’ng’iroqlar, o’rta asrlarda Xitoyda Bronza idishlar quyishda kumush ham qo’shilgan). Bronza kukuni va yupqa taxtasi (soxta tilla) yog’och, suyak, metall, gips va hokazolardan ishlangan buyumlarni hallash, qoplashda ishlatiladi. Bronzaning qolipga quyilish xususiyati yaxshiligi tufayli (ishqalanishga yaxshi chidaydi, deyarli zanglamaydi va boshqalar) haykaltaroshlikning mayda qismlarigacha yaratish imkonini beradi; qayishqoqligi, nafisligi, oquvchanligi, ortikcha mehnat talab qilmaydi; bo’rtib chiqqan hajmli mujassamot g’ovak, nisbatan yengil quyma olish imkonini beradi. Bronza oksidlanib turg’un rangga (ko’kdan to’q jigarrang va qoragacha) ega bo’ladi, bundan tashqari kimyoviy pardozga, hallash, sayqallash, toblash, zarblash, chizishga oson beriluvchan, bu esa buyumning rangi va sifatini rangbarang qilishga yordam beradi. Miloddan avvalgi 3-ming yillik o’rtalarida Mesopotamiyada, 2-ming yillikdan Misrda sodda, ochiq qolip (tosh, qum, yog’och va boshqalar) usulidan so’ng tabaqali yopiq qolip (loy qolip)da quyish paydo bo’ddi. Ularda quyilgan mukammal haykal va idishlar qismlari qalaylab birlashtirilgan, choklari kandakorlik bilan silliqlangan bo’rtma detallar bilan ishlangan. Kandakorlik ba’zan chizmakori usuli bilan to’ldirilgan (Nineviyadan topilgan Bronza bosh, miloddan avvalgi 23-asr, Iroq muzeyi, Bag’dod). Qalin devorli, diniy idishlarda kandakorlik bilan bo’rtma tasvirlar yaratilgan (Osiyo va Zakavkaze mamlakatlarida). Milodiy 1-ming yillik oxirlarida Bronza buyumlar o’ta mayda bo’rtma tasvir (naqsh, murakkab yozuvlar, maishiy va ov lavhalari) va mis, kumush, ba’zan tilla qadamalar bilan bezatilgan (Yaqin Sharq). Miloddan avvalgi 5-4-asrlarda Yunonistonda yirik Bronza haykallari quyilgan (Poliklet, Miron, Lisipp va boshqalar) va ular mum quymasi usulida ishlangan. Bronza imkoniyatlari tufayli haykal yaratishda inson tanasining barcha xususiyatlari aks ettirilgan. Qadimgi Rimda portret byustlari va boshqa yirik bo’laklarda quyilgan, sayqallangan mujassamotlarning shaklan aniq va ishonarliligiga erishilgan. O’rta Osiyoda miloddan avvalgi 2-ming yillikning 2-yarmida Bronza metallurgiyasi yaxshi rivojlandi. Bronzaning kashf etilishi dehqonchilik va chorvachilikning tez rivojlanishiga olib keldi. Bronzadan qurollar, idishlar, bezaklar ishlana boshladi. Bronzadan yasalgan zeb-ziynat, uy-ro’zg’or buyumlari, yarog’-aslaha va haykaltaroshlik asarlari, Bronza buyumlariga ishlangan naqsh, rasmlar dastlab G’arbiy Osiyo, qadimgi Misr, O’rta Osiyoda o’rganilgan. O’zbekiston hududidan qadimgi davrga oid ko’pgina Bronza san’ati namunalari topilgan. Masalan, Xak (Farg’ona viloyati) qishlog’idan topilgan T shaklidagi Bronza to’g’nog’ichning (miloddan avvalgi 3-2-ming yillik) tepa qismida buzog’iga suykalib turgan sigir va uni sog’ayotgan ayol tasvirlangan. Obirahmat (Toshkent viloyati) qishlog’idan topilgan Bronza bilaguzuklarning sirtiga o’simlik novdalari shakli chizilgan. O’zbekistonning turli yerlaridan topilgan (miloddan avvalgi 1-ming yillik o’rtalari) sak, massaget qabilalarining Bronza san’ati buyumlari — pichoq, xanjar, qilich, bolta, dubulg’a va qozonlarning bezak uslubi bir xil. O’zbekiston xalklari tarixi muzeyi to’plamida bir quloqli, cho’loq, yalang’och kishi; bo’riga minib oldiga bolani o’tqazib olgan odamning Bronza haykalchalari bor. 11-13-asrlarga oid san’at asarlari orasida Bronzadan yasalgan qush, hayvon va odamlarning haykalchalari mavjud. Ahmad Yassaviy maqbarasi (Turkiston shahri) uchun Amir Temur Bronzadan quydirgan ulkan qozon va shamdon (14-asr oxiri) o’sha davrning yetuk Bronza san’ati asarlaridan. Qozon sathidagi islimiy uslubdagi naqshlar orasiga suls va kufiy xati bilan yozuvlar bitilgan. Shamdon (balandligi 87 santimetr) sathiga oltin va kumush naqshlar o’yib ishlangan, islimiy bezaklar bilan bir qatorda suls xati bilan ham bezatilgan. Xivadagi Pahlavon Mahmud maqbarasi shipidagi qandil va uning zanjirlari Bronzadan yasalgan. Bronza haykaltaroshlik, amaliy san’at va boshqalarda keng ishlatiladi, undan haykallar, badiiy buyumlar, bezaklar kabi san’at asarlari yaratilmoqda (jumladan, Amir Temur, Alisher Navoiy, Beruniy, Farg’oniy va boshqalarning haykallari). Yevropada o’rta asrlar va roman uslubidagi cherkov, sobor Bronza eshiklari, maqbaralar, turli shakldagi yirik idishlar, diniy marosim buyumlari va boshqalar yig’ma bo’lgan. Ulardagi tekis, yuza tasvir va naqshlarda Bronzaning salmog’i seziladi. Uyg’onish davrida yana mum quymalaridan foydalanilgan, bunda qismlarga bo’lib quyish keng tarqalgan, yig’ilganda hosil bo’lgan choklar kandakori usulida yo’qotilgan. 17-18- asrlar tekis yuza va bo’rtma tasvirda rang-baranglikka erishildi, Bronza saroy va bog’lar bezagining elementlariga aylantirildi. Tilla halning turli tuslarini qo’llash, bo’g’iq va panjarali quyishni qo’shib qo’llash Bronza imkoniyatlarini cheksiz qilib qo’ydi. 19-asr o’rtalaridan badiiy Bronza ishlab chiqarish inqirozga uchradi, arzon buyumlarga talabning ortishi, dastgohli haykaltaroshlikning o’sishi Bronza imkoniyatlariga qiziqishni pasaytirdi. Yangi yuksalish davri 19-asr oxiri va 20-asrdan impressionistlar (O. Roden, P. Trubeskiy) hamda haykaltaroshlar (A. Burdel, Sh. Despo, J. Mantsu va boshqalar) ijodida ko’zga tashlandi.