BUZOQ

BUZOQ — sigirning 6 oylikkacha bo’lgan bolasi. Yirik zotli Buzoq og’irligi tug’ilishda 35-45 kilogramm, mayda zotlisining og’irligi 25-35 kilogramm bo’ladi. Buzoq tugilishi bilan og’iz burnidagi shilimshiq sochiq bilan artiladi, tug’ilganda kindigi uzilmagan bo’lsa qorin tomondan 10-12 santimetr qoldirib kesiladi, kesilgan joyiga yod eritmasi surtiladi, so’ngra yalab tozalash uchun onasi oldiga qo’yiladi. Tug’ilgandan keyin 1-1,5 soat o’tgach, birinchi marta onasiga emdiriladi. Buzoq chorvachilik fermalarida quruq, toza poxol to’shalgan katakda birinchi hafta ichida og’iz suti bilan boqiladi. So’ngra umumiy buzoqxonaga ko’chirilib, alohida katakda, keyin 5-6 buzoq birgalikda saqlanadigan kataklarda boqiladi. 20 kunlik bo’lguncha sutkasiga 6-8 l dan qaymog’i olinmagan sut bilan, 30 kunlik bo’lganda bunday sut kamaytirilib, sun’iy sut bilan boqiladi. Ikkinchi o’n kunlikdan boshlab sifatli o’t, mayin pichan, uchinchi o’n kunlikda aralash ozuqalar yeyishga urgatiladi. Ikki oyligidan esa Buzoqlar rasioniga ildizmevalar, yaxshi silos, aralash yem, tuz va boshqalar qo’shiladi. Yaxshi parvarishlangan va sog’lom Buzoqlar vazni 6 oyligida 125— 150 kilogrammga yetadi.