BUZURGMEHR

BUZURGMEHR (??) davlat arbobi, ijodkor. Xusrav I Anushirvon davrida (531-579) vazirlik qilgan. Otasi Baraka sosoniy hukmdorlarning nadimlaridan edi. Buzurgmehr hind shohi Devasar Anushirvonga yuborgan shatranj o’yinining mohiyatini ochib beradi, o’zi «nard» o’yinini kashf etadi. Uning homiyligida san’at, adabiyot rivoj topadi, Eron bilan Hindiston o’rtasida elchilik aloqalari o’rnatiladi, «Kalila va Dimna» shu vaqtda Eronga keltiriladi. Anushirvon vafotidan so’ng fitna tufayli valiahd Xurmuzd Buzurgmehrni qatl ettiradi. Buzurgmehr «Ganji shohiy» («Shoh xazinasi») nomli pandnoma yaratgan. Sosoniylar davriga mansub «Shatranjnoma» kitobida Buzurgmehr obrazi berilgan. Firdavsiyning «Shohnoma», Nizomiyning «Xamsa» asarida, qadimgi hikoyatlar majmui — «jome ulhikoyot» va boshqa asarlarda Buzurgmehr zukko davlat arbobi, ma’naviyat, ilmfan homiysi sifatida tilga olinadi. U Sharq xalqlari hikoyatida an’anaviy obrazga aylangan.