BULUNG’UR

BULUNG’UR (mo’g’ulcha bulugar — loyqa suv) — Zarafshon vodiysidagi eng qadimgi kanallardan biri. Uzunligi 90 kilometr, suv sarfi 21 m3/s. Miloddan avvalgi qazilgan Zarafshon daryosidan suv oladi. Ulug’ qishlog’i yonidan boshlanadi. Bulung’ur va Poyariq tumanlaridagi yerlarni suv bilan ta’minlaydi, Oqdaryoga quyiladi.

BULUNG’UR — Samarqand viloyatidagi shahar (1973yildan). Bulung’ur tumash markazi. Bulung’urdan Samarqandgacha 31 kilometr. Yaqin temir yo’l stantsiyasi — Bulung’ur. Bulung’urni Katta O’zbekiston trakti kesib o’tadi. Dengiz sathidan 736 metr balandlikda. Aholisi 23,5 ming kishi (2000). Bulung’urda 7 sanoat korxonasi (vino, sut, g’isht zavodlari), xalq iste’moli mollari, hunarmandchilik, uy-ro’zg’or buyumlari ishlab chiqaruvchi kichik xususiy korxonalar, 6 umumiy ta’lim maktabi, mehmonxona, kutubxonalar, xalq teatri, kasalxona, tug’ruqxona va boshqalar bor.