BULUT

BULUT — havodagi suv bug’larining kondensatsiyalanish (sublimatsiya) mahsuli bo’lgan suv tomchilari yoki muz kristallari (yoki har ikkalasining aralashmasi) dan tashkil topgan, atmosfera (yer yuzasidan tashqari) da vujudga keladigan muallaq tizim. Kondensatsiya nam havo temperaturasining shudring nuqtasi (berilgan namlik miqdori va bosim o’zgarmas saqlanganda havoning suv bug’iga to’yingan vaqtdagi tmperaturasi) gacha sovishi natijasida paydo bo’ladi. Hajm birligidagi havo massasi temperaturaga bog’liq holda aniq maksimal miqdordagi suv bug’ini o’ziga singdira oladi. Masalan, normal atmosfera bosimida 1 metr kub havo 0° da 5 gradus, 10°da 9,5 gradus, 30°da esa 30 gradus suv bug’ini o’ziga singdira oladi, ortiqchasi suv tomchilariga aylanadi. Bulutning vujudga kelishida havodagi ho’llanadigan muallaq qattiq (kristall) va suyuq zarralar katta ahamiyatga ega; ularning radiusi 10~5-10~3 santimetr atrofida. Bularda suv bug’ining kondensatsiyalanishi o’ta to’yinishdan ancha oldin, ya’ni nisbiy namlik 100% atrofida bo’lganda yoki undan ham kamda boshlanadi. Bu zarralar ma’lum fizik jarayonlar natijasida osmonga ko’tarilgan yoqilg’ining yonish mahsulotlari, dengiz tuzlarining mayda zarralari, kvars changlari va boshqalar bo’lib, kondensatsiya yadrosi deb yuritiladi. Ularning miqdori atmosferada bulut hosil bo’lishi uchun yetarli darajada mavjud. Suv tomchilaridan tashkil topgan Bulutda tomchilar radiusi har xil bo’lib, ko’pchilik hollarda 4 dan 25 mkm ga to’g’ri keladi, muz kristallari ko’proq olti qirrali ustun yoki prizma shaklida bo’ladi. Ba’zi sharoitlarda ular kattalashib, yomg’ir, qor, do’l, jala va hokazolar tarzida yog’adi. Bulutning suvliligi (g/m3) bo’lajak yog’ingarchilik miqdorini aniqlashda muhim ahamiyatga ega. Issiq nam havo massalarida vujudga keluvchi Bulutda suvlilik darajasi sovuq havodagi Bulutga nisbatan ancha ko’p bo’ladi. Bulut tashqi ko’rinishiga ko’ra, asosan, uchga bo’linadi; a) patsimon (Cirrus); b) to’p-to’p (Cumulus); v) qatlamli (Stratus). Patsimon Bulut oq rangli, yupqa, mayin bo’lib, yuqori balandliklarda vujudga keladi. To’p-to’p Bulut minora yoki gulkaram shaklida, asosi yassi bo’ladi. Qatlamli Bulut yetarlicha bir jinsli, kulrang, aniq shaklga ega emas, osmonning ko’z ilg’aydigan butun qismini qoplab turadi. Bulut qanday balandliklarda paydo bo’lishiga qarab ham turlarga ajratiladi: a) 2000 metrdan pastda quyi qatlam Bulut; b) 2000 metr bilan 6000 metr oraliqda o’rta qatlam Bulut; v) 6000 metrdan balandda yuqori qatlam Bulut. Bu Bulutlar, asosan, atmosferaning quyi troposfera qatlamida kuzatiladi. Ular asosida xalqaro tasnif bo’yicha Bulutlar 10 ta asosiy ko’rinishga ajratilgan: patsimon Bulut; patsimon to’p to’p Bulut; patsimon qatlamli Bulut; yuqori— to’p-to’p Bulut; yuqori qatlamli Bulut; qatlamli — to’p to’p Bulut; qatlamli Bulut, qatlamli yomg’irli Bulut; to’p to’p Bulut; to’p to’p—yomg’irli Bulut. Paydo bo’lish jarayoniga ko’ra Bulut konvektiv, orografik va frontal turlarga bo’linadi. Konvektiv Bulut to’p-to’p holda kuzatiladi. Quyosh nuri yer sirtini relefi turli tumanligi va orografiya tufayli har xil qizdiradi, natijada iliq havo yuqoriga ko’tariladi, atrofdagi kamroq qizigan joylardagi salqinroq havo uning o’rnini egallaydi, salqinroq havo o’rnini esa yuqoridan pastga yo’nalgan havo egallay boshlaydi, natijada yuqoriga va pastga yo’nalgan oqim vujudga keladi. Shunday qilib, yuqoriga ko’tariluvchi kuchli vertikal oqimlarda to’p-to’p Bulut hosil bo’ladi. Orografik Bulut tog’li joylar old qismida havoning gorizontal oqimi buzilishi natijasida yuqoriga yo’nalgan to’lqinli oqimlarda vujudga keladi. Tog’ning orqa qismida shu oqimlar pastga tushayotganida havo isib Bulut parchalana boshlaydi va u yasmiqsimon shaklga kiradi. Tog’larning kungay tomonidagi havo ko’proq isindi, natijada uning harakati tezlashib, ko’tarila boshlashi tufayli to’pto’p Bulut vujudga kelib, ayrim hollarda yomg’ir yog’adi. Frontal Bulut jumlasiga qatlamli va qatlamli yomg’irli Bulut kiradi. Iliq havo tomoniga siljiydigan iliq va salqin havo massalari oralig’ida vujudga keluvchi atmosfera frontlarida iliq havo qiya frontal zona bo’ylab yuqoriga ko’tarnlishi tufayli katta maydonlarda butun osmonni qoplagan salqin frontlarga xos Bulut hosil bo’ladi. Shuningdek, tsiklonning iliq va salqin frontlarida ham ularga xos Bulut mavjud. Bulut fazaviy holati bo’yicha 3 xil bo’ladi: suv tomchilaridan tashkil topgan suvli Bulut, muz zarralaridan iborat muzli Bulut hamda suv tomchilari va muz zarralaridan hosil bo’lgan aralash Bulut. Temperatura noldan past bo’lganda ham suv tomchilaridan tashkil topgan Bulut uchraydi. Bunday Bulutda suv tomchilari uta sovigan holatda bo’ladi. Yog’inlar ko’proq aralash Bulutdan yog’adi. Yuqori troposferada, ba’zida tropopauza balandligida o’ta yupqa patsimon Bulut uchraydi; ular asosan o’rta kengliklarda 6-8 kilometr balandlikda, tropiklarda -6 dan 18 kilometrgacha, qutbda 3-8 kilometr balandlikda yotadi. Yuqori (20-30 kilometr) qatlamda esa tovlanuvchi Bulut va, nihoyat, mezosferaning yuqori qismi va ionosferaning pastki qismida -75 dan 90 kilometrgacha qatlamda kumushsimon Bulut kuzatiladi. Bulut ob-havo va iqlim o’zgarishlariga katta ta’sir ko’rsatadi. Bulutning fazaviy holati va tuzilishini sun’iy ravishda o’zgartirib, undagi ba’zi jarayonlarni rostlab turish mumkin. Bulutga fizik-kimyoviy ta’sir ko’rsatish yo’li bilan qo’shimcha yog’in yog’dirish, do’l yog’ishiiing oldini olish, past Bulut va tumanlarni tarqatib yuborish mumkin. Yo’ldosh Tog’aymurodov.