BURGUT QAL’A

BURGUT QAL’A — Qoraqalpog’istonning To’rtko’l tumanidagi Qirqqiz massivida, Burgut qal’a vohasida joylashgan shahar xarobasi (6-8-asrlar). A. I. Terenojkin (1937), Xorazm arxeologiya-etnografiya ekspeditsiyasi (1946), E. E. Nerazik (1953-56) tomonidan o’rganilgan. Burgut qal’asi Ark va shahristondan iborat. Ark tarhi kvadrat (100×100 metr) bo’lib, 2,5 metr qalinlikdagi (balandligi 10,5 metr) paxsa devor bilan o’ralgan. Uning har tomonidagi 4 tadan 2 qavatli, nishon tuynukli Burjlar 2 metr balandlikdagi tagkursilar ustiga kurilgan. Qal’aning Janubi sharqida mudofaa istehkomi — Donjon (18×18 metr) joylashgan. U balandligi 8 metrli paxsa va g’ishtin tagkursi ustiga qurilgan. Ark ichida zyndon va bir necha xonalar ochilgan. Shahriston (maydoni 5 gektar) Burjlar bilan mustahkamlangan mudofaa devori bilan o’ralgan. Bu yerda turar joylar, bozor maydoni, ustaxonalar ochilgan, ulardan sopol idishlar, Xorazm mis tangalari, toshdan ishlangan muhrlar, bezak buyumlar, qurol-yarog’lar va boshqalar topilgan. Ad.: Nerazik E. E., Selskie poseleniya afrigidskogo Xorezma (Po materialam Berkutkalinskogo oazisa), M., 1966.