BURDAGUY

BURDAGUY, Bardagvi, Pardagvi (qad. Yun. pandoki — mehmonxona) — Amudaryoning qadimgi kechuvi hamda Iskandar Maqduniy tomonidan qurilgan qal’a nomi. Burdaguyda hunarmandlar, xususan kema va qayiq yasovchilar yashaganlar, ular «shoh kechuvi»dan o’tuvchilarga xizmat ko’rsatishgan. Burdaguy 15-asrda yirik shahar bo’lib, hatto Termiz bilan raqobatlashgan. 17-asr manbalarida Burdaguy kechuvi Yargox yoxud Yardag’u shaklida uchraydi. Iskandar aynan mana shu kechuv orqali asosiy qo’shini bilan Amudaryodan o’tgan deb hisoblanadi. Kushon podsholigining so’nggi davrida vujudga kelgan Burdaguy shahri ilk va rivojlangan o’rta asrlarda yuksalgan, 20-asr boshida ham Burdaguy arkida hayot so’nmagan. Bu yerdan arablardan avvalgi davrga mansub podshoning taxtda o’tirgan holdagi tasviri tushirilgan sopol parchasi topilgan. Burdaguy kechuvidan, Amudaryoning o’ng qirg’og’idan shimol tomon qadimgi yo’llar boshlangan.