BUG’DOYIQ DURAGAYLARI

BUG’DOYIQ DURAGAYLARI — bug’doyni bug’doyiq bilan duragaylashdan hosil bo’lgan bug’doyning yangi turlari, formalari va navlari. Birinchi marta akad. N. V. Tsisin tomonidan 20-asrning 30-50-yillarida yumshoq bug’doyni bug’doyiq bilan duragaylab, so’ngra duragaylararo chatishtirish va tanlash yo’li bilan bug’doyning ko’p yillik bug’doy (T. a. ssp. perenne) va bir yillik don — yemxashak bug’doyi (T. a. ssp. submittans) kenja turlari bo’lgan yangi turi (Triticum agropyrotriticum) yaratildi. 70-yillarda ko’p yillik bug’doyning kalta poyali (yotib qolmaydi), ekilganidan keyin 2 va 3yili ham 70 va 50% gacha o’simliklari o’sib hosil beradigan, sovuqqa va kasalliklarga chidamli, hosildor navlari (M706, M63, M78) yaratildi. Bir yillik don — yemxashak bug’doyi doni o’rib yig’ib olinganidan keyin yana o’sib, yangi poyalar chiqaradi, 1 gektar maydondan 15-17 tsentner don, qo’shimcha 200 tsentner ko’k massa (yoki uch o’rimda qo’shimcha 400-450 tsentner ko’k massa) hosil beradi. Bug’doyiq Duragaylari navlari hosildorligini oshirish bo’yicha ishlar davom ettirilmoqda.