O’ZGARUVCHI

O’ZGARUVCHI — matematika va mantiqda ma’lum ob’yektlar to’plamining umumiy elementini ifodalovchi tushuncha; har xil qiymatlar qabul qiladigan miqdor. Bu ob’yektlarning har biri mos O’zgaruvchining qiymati, ularning to’plami esa O’zgaruvchining o’zgarish sohasi bo’ladi. Oliy matematika asoschilari ?.Dekart, G.V.Leybnis, I. Nyuton, P.Ferma va boshqalar olimlarning ilmiy ishlaridan boshlab O’zgaruvchi deganda o’zgarish jarayonida turlicha qiymatlarni olishi mumkin bo’lgan muayyan bir kattalik tushunilgan. O’zgaruvchi tushunchasi dastlab harfiy belgilashlar rasm bo’lgandan so’ng analitik geometriya, differentsial va integral hisob yaratila boshlagan davrda ma’lum jarayon davomida o’zgaradigan miqdorni ifodalab, o’zgarmas miqdor (konstanta) ga qarama-qarshi qo’yilgan. Bunday ma’noda talqin qilingan O’zgaruvchi tushunchasi matematikada dialektik rol o’ynab, Matematik analizda, shuningdek, mexanika va fizika masalalarini matematik tahlil qilishda qulaylik tug’dirgan.