O’LCHOVLAR

O’LCHOVLAR — fizik kattaliklarni qayd qilish (aniqlash) ga mo’ljallangan o’lchash vositalari. Massa o’lchovi (toshlar) yoki hajm o’lchovi (o’lchash stakani, tsilindr va boshqalar) kabi oddiy O’lchovlar bilan birga murakkabroq qurilmalar, masalan, elektr qarshiligi g’altaklari, yorug’lik o’lchash lampalari va boshqalar ham O’lchovlar jumlasiga kiradi. O’lchovlar bir qiymatli (toshlar, o’lchash kolbalari, induktivlik g’altagi va boshqalar) va ko’p qiymatli (shkalali chizg’ich, o’zgaruvchan hajmli kondensator) bo’ladi. O’lchovlarning nominal qiymati deganda O’lchovlarda ko’rsatilgan yoki unga yozib qo’yilgan miqdorlar (masalan, 1 kilogrammli tosh), haqiqiy qiymati deganda O’lchovlar vositasida aniqlanib, kichik xatoligi hisobga olinmagan miqdorlar tushuniladi. O’lchovlardan etalon, namuna yoki nusxa sifatida foydalaniladi. Sof yoki hosilaviy xossalarga ega bo’lgan moddalar — toza suv, toza gazlar (vodorod, kislorod), toza metallar (rux, kumush, oltin, platina va boshqalar) alohida O’lchovlar mezonini tashkil etadi. O’lchovlarga aniq fizik xossalarga ega bo’lgan standart namunalar (masalan, ma’lum tarkibli, qattiqlikli va boshqalar xossali po’latlar) ham kiradi.