O’N IKKI IMOM

O’N IKKI IMOM — shialikdagi asosiy oqim — imomiylar (ba’zan «o’n ikkichilar» — «isnoash’ariya» deb ataladi) o’rtasida e’tiqod qilinadigan imomlar sulolasi. Xalifa Ali bilan Fotimadan tarqalgan avlodlardan iborat. Ular payg’ambar avlodi deb e’tirof etiladi. Imomiylar ularni Islomning qonuniy rahnamolari deb tanib, xalifalar hokimiyatini g’ayriqonuniy deb hisoblaydi. Bular — Ali ibn Abu tolib, Hasan, Husayn, Zaynalobidin Ali (713 yil vafot etgan), Muhammad albokir (732 yil vafot etgan), Ja’far assodiq (700-765), Muso alkozim (799 yil vafot etgan), Ali arrizo (818 yil vafot etgan), Muhammad attaqiy (835 yil vafot etgan), Ali annaqiy (868 yil vafot etga), Hasan alaskariy (846-873), Muhammad al Mahdiy (rivoyatlarga ko’ra, 874-878 yillar orasida yo’qolgan). Imomlarning ba’zilarigina o’ldirilgan yoki zaharlangan, lekin shunga qaramay imomiylar ularning barchasini xalifalar tomonidan o’ldirilgan deb hisoblaydi, ularni jabrdiyda va din yo’lida shahid bo’lganlar deb motam tutadi. 12 Imom — Muhammad almahdiyni «yashiringan» deb hisoblab, u zamona oxir bo’lganda erga qaytib kelib adolat o’rnatadi deb tasavvur qilish shialar orasida saqlangan. Imomlar va imomzodalar dafn etilgan maqbaralar hozir ham shialar uchun muqaddas ziyoratgoh hisoblanadi, hatto ular uchun haj o’rnini bosadi. Bunday muqadsas joylar Najaf, Karbalo, kozimayn (Iroq), Madina (Saudiya Arabistoni), Mashhad, qum, Shoh Abdul Azim (Eron) shahrilarida joylashgan.