O’TLOQI TUPROQLAR

O’TLOQI TUPROQLAR tuproq tipi; kapillyar namlanishga sabab bo’luvchi sathi yaqin (1-3 metr) grunt suvlari ta’sirida hosil bo’ladi. Bunday tuproqlarda namlik ko’pligi tufayli o’simliklar yaxshi o’sadi; o’simlik qoldiqlarining aerob parchalanishi va tiklanish jarayoni suvli hamda unga yaqin gorizontlarning gleylanishiga sabab bo’ladi. O’tloqi tuproqlarning cho’l zonasidagi, bo’z tuproq va baland tog’li mintaqlardagi tiplari farqlanadi. Cho’l zonasi hamda bo’z tuproq mintaqasidagi O’tloqi tuproqlar grunt suvlar rejimi va ularning paydo bo’lish sharoitiga qarab qayirallyuvial, allyuvial va saz (buloq)li bo’ladi. Qayirallyuvial O’tloqi tuproqlar (chirindi qatlami 20-40 santimetr) Amudaryo va Sirdaryoning Delta qismida hamda boshqa daryolar qayiridagi terrasalarda tarqalgan. Bu tuproqlar har yilgi yoki davriy bo’lib turadigan toshqin suvlardagi muallaq oqiziqlarning cho’kishidan hosil bo’ladi. Allyuvial O’tloqi tuproqlar daryoning quyi qayir usti terrasalari va Daryolarning hoz. deltalarida tarqalgan bo’lib, Daryo rejimidagi grunt suvlar ta’sirida bo’ladi. Sazli O’tloqi tuproqlar (chirindi qatlami 30 santimetr) tog’lardan oqib tushuvchi Daryo yoyilmalarining o’rta va pereferik qismida, yoyilmalararo pastqamliklar, kamdan kam tog’ yon bag’irlaridagi qiyaliklarning quyi qismida, oqib chiqishi va ko’tarilishi qiyin saz rejimdagi grunt suvli rayonlarda tarqalgan. O’zbekistonning sug’orma dehqonchilik zonasida umumiy sug’oriladigan maydonning 50% ga yaqinini O’tloqi tuproqlar tashkil etadi. Sug’oriladigan O’tloqi tuproqlarda 1-2% chirindi, 0,08—0,15% ga yaqin azot, yetarli miqdora yalpi va harakatchan kaliy bor. O’tloqi tuproqlarda fos- for temir va alyuminiy oksidlari bilan tez birikib, fosforli o’g’itlar samaradorligini ta’minlaydi. Baland tog’li va bo’z tuproq mintaqasidagi O’tloqi tuproqlar odatda, sho’rlanmagan, cho’l zonasidagilari esa turli darajada sho’rlangan. Sho’rlangan O’tloqi tuproqlarda drenaj asosida profilaktik sho’r yuvish choralari qo’llaniladi. Xodimat Maxsudov.