O’RTA MAXSUS O’QUV YURTLARI

O’RTA MAXSUS O’QUV YURTLARI — O’zbekiston Respublikasida sanoat, qurilish, transport va aloqa, qishloq xo’jalik, madaniyat va san’at, sog’liqni saqlash va boshqalar sohalar uchun kadrlar tayyorlab beruvchi o’quv muassasalari. Egallangan kasb-hunar bo’yicha ishlash huquqini beradigan hamda bunday ish yoki ta’limni navbatdagi bosqichda davom ettirish uchun asos bo’ladigan o’rta maxsus, kasb- hunar ta’limi beradi. Dastlabki O’rta maxsus o’quv yurtlari Yevropada 18-asrda paydo bo’lgan. Hozirgi O’zbekiston hududida birinchi o’rta maxsus o’quv yurti texnikum nomi bilan 1893 yil Toshkentda tashkil etilgan (yog’-moy sanoati texnikumi). 1905 yilda Samarqand bog’dorchilik texnikumiga asos solindi. 1940 yil O’zbekistondagi 98 O’rta maxsus o’quv yurtlarida 25,1 ming o’quvchi o’qidi. O’zbekistonda O’rta maxsus o’quv yurtlari akademik litsey va kasb-hunar kollejita bo’linadi. 2004/05 o’quv yili O’zbekiston Respublikasidagi 897 o’rta maxsus o’quv yurtida 651356 o’quvchi ta’lim oldi. O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi O’rta maxsus o’quv yurtlari faoliyatiga tashkiliy, o’quv-uslubiy va ilmiy rahbarlik qiladi hamda davlat ta’lim standartlarini ishlab chiqish va joriy etish, o’quv dasturlarini unifikatsiyalash, pedagog kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashni amalga oshiradi. O’rta maxsus o’quv yurtlari tuzilishi va ish mazmuni Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan hamda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Nizom bilan belgilangan. O’rta maxsus o’quv yurtlari odatda qaysi soha bo’yicha mutaxassislar yetishtirsa, shu tarmoq vazirligi, idora, korporatsiya, kontsern, uyushma va korxonalar hamda Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi ixtiyorida bo’ladi. Tarmoq vazirliklari, idora, korporatsiya, kontsern, uyushma va korxonalar ularni moddiy va moliyaviy ta’minlashni, o’quvchilarni kasb-hunarga o’rgatishni va ularda amaliy ko’nikmalarni tarbiyalashni amalga oshiradilar, mutaxassislarga bo’lgan ehtiyojni aniqlaydilar, bitiruvchilarni ishga joylashtirish masalalarini hal qiladilar. O’rta maxsus o’quv yurtlarida o’quv jarayoni jahon talablariga mos keluvchi davlat ta’lim standartlari, ya’ni zamon talablariga javob beruvchi, istiqbol va kelajakni ko’zlab ishlab chiqilgan hamda Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan o’quv reja va dasturlari bo’yicha tashkil etiladi. Ayrim maxsus o’quv fanlari bo’yicha dasturlar O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi topshirig’iga binoan, tarmoq vazirligi, idora, korporatsiya, kontsern, uyushma va korxonalar tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi. O’rta maxsus o’quv yurtlariga o’quvchilar 9 yillik umumiy o’rta ta’lim maktabini tugatganlaridan so’ng qabul qilinadilar. Ular uchun maxsus darslik va o’quv qo’llanmalari nashr etiladi. O’rta maxsus o’quv yurtlarini bitiruvchilariga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi diplomlar beriladi. Bu diplomlar ta’limning keyingi bosqichlarida o’qishni davom ettirish yoki egallangan ixtisos va kasb-hunar bo’yicha mehnat faoliyati bilan shug’ullanish huquqini beradi. Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi instituti, Toshkent pedagogika universiteti va Namangan muhandislik-pedagogika instituti O’rta maxsus o’quv yurtlari uchun malakali pedagog va muhandis-pedagog kadrlar tayyorlashda bazaviy oliy ta’lim muassasalari hisoblanadi.