O’RTA OSIYO MARKAZ MAGISTRAL GAZ YO’LI

O’RTA OSIYO MARKAZ MAGISTRAL GAZ YO’LI — Rossiyaning sanoat ryonlarini O’zbekiston va Turkmanistondagi gaz konlaridan olinadigan tabiiy gaz bilan ta’minlaydigan yirik gaz quvuri. Uning 1-navbati 1967 yilda ishga tushirilgan, unda diametri 700 dan 1220 millimetrgacha bo’lgan quvurlar qo’llanilgan. Umumiy uzunligi 6542,1 kilometr. Shatlik (Turkmaniston) gaz koni ochilishi bilan magistralning yana bir yo’li qurilib, ishga tushirilgan. Uni qurishda katta diametr (1420 millimetr)li quvurlardan, zamonaviy gaz tortuvchi agregatlardan foydalanilgan. Magistralning 1, 2, 3-gaz quvurlariga Uchqur va Shaxpaqti (O’zbekiston) hamda Gugurtli, Naip, Ochoq (Turkmaniston), 4-gaz quvuriga Shatlik, Bayramali va Kirpichli konlaridan gaz olingan. Magistralning umumiy uzunligi (bir izli hisobda) 1350 ming kilometrni, jumladan, O’rta Osiyo hududida 4,35 ming kilometr, O’zbekiston hududida 1490,6 kilometrni tashkil qiladi. 2004 yilda Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi bilan «O’zbekneftgaz» milliy xolding kompaniyasi o’rtasida hamkorlikda Shaxpaqti (Chaqmoqli) konini qayta rekonstruktsiya qilish investitsiya loyihasi bo’yicha mahsulotni bo’lish va Rossiya hissasini mazkur magistral orqali jo’natish haqida uzoq muddatli bitim imzolandi. O’zbekiston hududida gaz yo’liga «O’zneftgaz» milliy xolding kompaniyasiga qarashli «O’ztransgaz» Aktsiyadorlik jamiyati xizmat ko’rsatadi. Magistral tizimida yirik gaz kompressor stansiyalari qurilgan. 2004 yilda bu magistral orqali O’zbekistondan 7 milliard metr kub gaz eksport qilindi.