CHANA SPORTI

CHANA SPORTI — qishki sport turi, bir kishilik (og’irligi 22 kilogramm) va ikki kishilik (og’irligi 26 kilogramm) chana (sirpanchiklarining eni 15 santimetr, orasi 48 santimetr, uzunligi 124-150 santimetr) da 800-2000 metr qorli yoki muzlatilgan maxsus qiyalik trassadan tez uchish musobaqasi. Chana sporti 19-asr oxirida Yevropada sport turi sifatida shakllangan, 1883 yilda Shveytsariyaning Davos shahri yaqinida birinchi xalqaro musobaqa o’tkazilgan. 1884 yildan Germaniyada sport chanalari ishlab chiqarish yo’lga qo’yilgan. Chana sporti 1924 yildan xalqaro bobsley va Toboggan federatsiyasi tarkibida rivojlana boshladi. 1954 yilda xalqaro Chana sporti federatsiyasi (FIL) tashkil topdi, unga 40 dan ziyod davlat a’zo. Chana sporti bo’yicha 1955 yildan jahon chempionati o’tkazib kelinadi, 1964 yildan Olimpiada o’yinlari dasturiga kiritilgan. Chana sporti Avstriya, Germaniya, Italiya, Norvegiya, Polsha, Chexiya, Shveytsariya kabi davlatlarda rivojlangan.