CHARM

CHARM — hayvon terisidan yoki sun’iy xom ashyodan tayyorlanadigan material. Tabiiy va sun’iy turlarga ajratiladi. Tabiiy Charm hayvonlar: qoramol, ot, qo’y, echki, cho’chqa, tuya, bug’u, kiyik, suv hayvonlari, it, ayrim baliq va boshqa hayvonlarning terisini oshlab tayyorlanadi. Ishlatilishiga qarab, poyabzal, egarjabduq, texnika, kiyim bosh, attorlik uchun mo’ljallangan xillarga ajratiladi. Xom ashyo turi, oshlash, pardozlash, tashqi ko’rinishi, qalinligiga qarab ham xillarga bo’linadi. Sun’iy charm polimer xom ashyo materiallardan tayyorlanadi. Sun’iy Charm tolalardan to’qilgan yoki noto’qima matolar sirtiga yumshoq plyonka hosil qiluvchi moddalar (kauchuk, lateks, polivinilxlorid va boshqalar) qoplash natijasida hosil bo’ladi. Sun’iy Charm poyabzal, kiyim-kechak, attorlik hamda texnika buyumlari tayyorlash va boshqa ehtiyojlar uchun tabiiy Charm o’rnida keng miqyosda ishlatiladi.