CHEBISHYOV PAFNUTIY LVOVICH

CHEBISHYOV PAFNUTIY LVOVICH [1821.14(26).5, Kaluga gubernyasi, Okatovo qishlog’i — 1894.26.11(8.12), Peterburg] — rus matematigi va mexanigi, ehtimollar nazariyasi rus maktabining asoschilaridan biri. Peterburg Fanlar Akademiyasi akademik (1856). Moskva universitetini tugatgan (1841), professor (1850). Ilmiy ishlari ehtimollar nazariyasi, sonlar nazariyasi, matematik analiz, mexanizmlar nazariyasiga oid. Chebishyov tasodifiy miqdor tushunchasini ehtimollar nazariyasiga tatbiq qilgan; ehtimollar nazariyasining limit teoremalarini isbotlashning yangi usuli — momentlar usulini yaratdi; katta sonlar qonunini umumiy holda isbotladi. Sonlar nazariyasida tub sonlar taqsimotining asimptotik qonuni va boshqalarni umumiy shakdda isbotladi. Ortogonal ko’phadlar, funktsiyalarni eng yaxshi yaqinlashtirish muammolari bilan shug’ullandi. Differentsial binomni elementar funktsiyalarda integrallash shartlarini topdi. Chebishyovning ko’p (asosan, mexanizmlar nazariyasi sohasidagi) kashfiyotlari amaliy tadqiqotlar rivojiga sabab bo’ldi.