CHENNAY

CHENNAY (1996 yilgacha Madras) Hindistonning janub qismidagi shahar, Bengaliya qo’ltig’i sohilida. Tamilnad shtatining ma’muriy markazi. Aholisi 6,8 million kishi (2001). Iqlimi issiq, yanvarning o’rtacha temperaturasi 24°, iyulniki 32°. Yiliga o’rtacha 1200 millimetr yog’in yog’adi. Tez-tez bo’lib turadigan tropik tsiklonlar shaharga katta zarar keltiradi. Chennay kattaligi jihatdan mamlakatda Mumbay, Dehli, Kalkuttadan keyin 4o’rinda turadi. Chennay — Hindistonning eng katta portlaridan. Transport yo’llarining yirik chorrahasi. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Yirik sanoat, savdo-moliya va madaniyat markazi. Chennayda mamlakat sanoat mahsulotining 1/10 qismi ishlab chiqariladi. To’qimachilik (ip gazlama), mashinasozlik (jumladan, vagonsozlik, harbiy), metallsozlik sanoatlari rivojlangan. Neft qayta ishlanadi. Oziq-ovqat, tamaki, poligrafiya, elektronika, tsement, ko’npoyabzal sanoati korxonalari mavjud. universitet (1857), Hindiston geografiya jamiyati, ilmiy tadqoqpt institutlari, texnika instituti, Musiqa akademiyasi, Markaziy kutubxona, davlat muzeyi, Milliy badiiy galereya, teatr, kinostudiya, rasadxona va boshqalar bor. Chennay o’rnida 17-asr boshlarida baliqchilarning Madraspatam nomli qishlog’i bo’lgan. Angliyaning Ostindiya kompaniyasi bu yerda qal’a qurib (1639-40), bosh qarorgohini ko’chirib keltirgan. O’sha vaqtdan Chennay inglizlarning Hindistondagi harbiy tayanch bazasi va savdo punkti. 1746-49 yillarda frantsuzlar qo’l ostida bo’lgan. 18-asrning 2-yarmi va 19-asr boshida Chennay inglizlarning Hindistonning Janubiy Sharqiy qismidagi bosib olgan yerlarining siyosiy-ma’muriy markazi. Hindiston mustaqillikka erishgach (1947), Chennay Madras (1969 yildan Tamilnad) shtatining ma’muriy markazi. Chennay yaqinida Tamil me’morligi yodgorliklaridan Maqabalipuram majmuasi saqlangan.