CHERNOVSI

CHERNOVSI (1944 yilgacha Chernovisi) — Ukrainaning Chernovsi viloyatidagi shahar, viloyat markazi. Karpat tog’lari etagida, Prut daryosi sohilida. Temir yo’l va avtomobil yo’llari chorrahasi. Aholisi 240,6 ming kishi (2001). Chernovsi Kiyev Rusi tarkibiga kirgan qadimgi shaharlardan. Shahar 1408 yildan ma’lum. U tez-tez qo’ldan qo’lga o’tib turgan. Avval Avstriya-Vengriya, keyin Ruminiyaga qaram bo’lgan. 1940 yilda shimol Bukovina tarkibida USSRga qo’shilgan. G’arbiy Ukrainaning yirik sanoat markazi. Sanoatining asosiy tarmoqlari: yengil (tikuvchilik, qo’lqop-trikotaj, poyabzal, paypoq, ip-gazlama korxonalari), oziq-ovqat (go’sht, yog’-moy kombinatlari, shakarqand, sabzavot quritish va konserva zavodlari), mashinasozlik va metallsozlik (mashinasozlik, neft sanoati apparaturalari, yengil sanoat uchun uskunalar, hisoblash texnika vositalari, elektr priborlar ishlab chiqarish), yog’ochsozlik (mebelsozlik va taxta tilish) korxonalari, issiqlik elektr markazi faoliyat ko’rsatadi. 2 oliy o’quv yurti (shu jumladan, universitet), 2 teatr, filarmoniya, xalq me’morligi va turmushi, o’lkashunoslik, O.Yu.Kobilyanskaya va A.Fedkovichlarning adabiymemorial muzeylari bor. Me’moriy yodgorliklardan Nikolay (17-asr), Pyatniskaya, Klokuchkadagi Troisa, Kalichankadagi Uspeniye yog’och cherkovlari (barchasi 18-asr) saqlangan.