CHERCHILL UINSTON LEONARD SPENSER
CHERCHILL UINSTON LEONARD SPENSER (1874.30.11, Blenim, Oksfordshir — 1965.24.1, London) — Buyuk Britaniya davlat arbobi, konservatorlar partiyasining rahbari (1940-55). Sandxerst harbiy kavaleriya maktabini tugatgan. 1896-98 yillarda Hindistonning shimoliy g’arbiy chegarasida qo’zg’olon ko’targan qabilalarni bostirishda qatnashgan. 1896 -98 yillarda Hindistonda xizmat qilgan. 1900 yil Konservatorlar partiyasidan parlamentga deputat qilib saylangan. Mustamlaka ishlari (1906-28; 1921-22), savdo (1908-10), ichki ishlar (1910-11), harbiy dengiz (1911-15), Harbiy ta’minot (1917-18), Moliya (1919-21), harbiy va aviasiya vaziri (1924-29) lavozimlarida ishlagan. Buyuk Britaniya ikkinchi jahon urushiga kirgach, 1939 yil sentabrda N. Chemberlen hukumatida harbiy-dengiz vaziri bo’lib tayinlandi. 1940 yil N. Chemberlen iste’foga chiqqach, Cherchill koalitsion hukumat bosh vaziri. Cherchill hukumati gitlerchilar Germaniyasiga qarshi birgalikda kurashish to’g’risida SSSR bilan imzolangan bitim (1941 yil iyul) va ittifoqchilik to’g’risidagi shartnoma (1942 yil may) ga qaramasdan SSSRni kuchsizlantirish maqsadida ikkinchi frontni belgilangan muddatda ochmagan. Cherchill SSSR, AQSH, Buyuk Britaniya davlat boshliqlarining Tehron (1943), Yalta va Potsdam (1945) konferentsiyalari qatnashchisi. 1945 yil parlament saylovlarida konservatorlar partiyasining mag’lubiyatga uchrashi tufayli Cherchill hukumati iste’foga chiqqan. 1951-55 yillarda yana bosh vazir. Cherchill 1955 yil iste’foga chiqqan va umrining oxirigacha vakillar palatasining a’zosi bo’lgan. Bir qancha tarixiy-memuar asarlar muallifi. Adabiyot buyicha Nobel mukofoti laureati (1953).