CHEXIYA MASSIVI
CHEXIYA MASSIVI – Yevropadagi tog’ massivi, aksari qismi Chexiya, shuningdek, Polsha, Germaniya va Avstriya hududlarida. Uzunligi 500 kilometr chamasida, kengligi 300 kilometrgacha. Markaziy qismi pastroq bo’lib (balandligi 300-600 metr), yer yuzasi sertepa tekislik, alohida ko’tarilgan cho’qqilar bor. Asosan, kristalli slanes, qumtoshlardan tuzilgan, yuzasi cho’kindi jinslar bilan qoplangan. Chekka qismi o’rtacha balandlikdagi tog’lar (Sudet, Chexiya o’rmonlari, Shumava, rudali tog’lar) va Chexiya Moraviya qirlaridan iborat. Eng baland joyi 1602 metr (Snejka tog’i). Iqlimi mo’tadil, sernam. Daryo ko’p. Tog’larda 1200— 1400 metrgacha aralash va igna bargli o’rmonlar bor, undan baland qismi — yaylov, tekislik qismi o’zlashtirilgan.