CHIGIT
CHIGIT — g’o’za urug’i; terib olingan paxtani qayta ishlab (toladan ajratib) olinadi. Terilgan paxta vaznining 55— 60% Chigit hissasiga to’g’ri keladi. Shakli tuxumsimon yoki noksimon, cho’zinchoq yoki kalta, bo’yi 1,5—15 millimetr, eni (diametri) 1-8 millimetr, og’irligi 70— 160 milligramm, 1000 donasining o’rtacha vazni 120-140 gramm; qo’ng’irjigarrang, qattiq qobiq va mag’iz (yadro)dan iborat. Ustki qavati (po’sti)dan tola va momiq (lint) ajratib olinadi. Tola va tuklari ko’p keng qismi (to’mtoq tomoni) xalaza, uch qismi mikropile (chang yo’li) deyiladi. Chigit murtagi 2 ta urug’palla, urug’palla ostki bo’g’in, ildiz qinidan iborat. Foydalanish maqsadlariga ko’ra urug’lik va sanoatda qayta ishlanadigan texnik Chigitlarga bo’linadi. Bir necha oydan bir ikki yilgacha yaxshi saqlangan Chigit fiziologik pishib yetilgan, sog’lom va unuvchan bo’ladi. Bexato va sog’lom unib chiqishi uchun ivitiladi. Chigitning muhim xususiyati uning epidermis hujayralarida bir hujayrali 20 millimetrdan 42-44 millimetr va undan ortiq bo’lgan tolalarning hosil bo’lishidir. Chigit mag’zi tarkibida 24 dan 29% ga qadar moy bor. O’zbekiston yog’-moy sanoati korxonalarida har yili 1,5— 2 million tonna texnik chigit qayta ishlanib paxta yog’i, shulxa (Chigit po’chog’i), kunjara olinadi. Chigit chiqindilarini qayta ishlab, ulardan tsellyuloza, spirt, lok va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishda foydalaniladi.