CHO’LPON MULK OG’O
CHO’LPON MULK OG’O – Sohibqiron Amir Temurpknt suyukli xotini. Hojibek mo’g’ulning qizi. Cho’lpon mulk og’o nihoyat darajada go’zal bo’lgan. Uni Sohibqiron 1391 yilda Dashti Qipchoqqa qilgan yurishida o’zi bilan birga olib ketadi. Amir Temur 1393 yil Iroq va Sheroz tomon harbiy safarga otlanganda Saroymulkxonim va tuman og’olarni o’g’ruqda qoldirib, Cho’lpon mulk og’o, Dursulton og’o va Nigor og’olarni o’zi bilan birga olib ketadi. 1394 yilning yanvarda Turkiyaning Mordin shahri yaqinida joylashgan ruho qal’asini zabt etib, bir oz nafas rostlash uchun to’xtagan Sohibqiron qarorgohiga barcha xotinlari, jumladan, Cho’lpon mulk og’o va Dilshod og’olar etib keladilar. Tarixchi Sharafuddin Ali Yazdiy 1403 yil voqealarini tasvirlar ekan, Cho’lpon mulk og’o nomini bir necha o’rinda tilga olib o’tadi. Shuningdek, Kastiliya elchisi Ryui Klavixo ham 1404 yilda Malika Cho’lpon mulk og’oni ko’rganligini yozadi. Cho’lpon mulk og’oning qachon tug’ilgani va qachon, qaerda vafot etgani aniq emas.