CHUQURLIKDAGI YORIQLAR

CHUQURLIKDAGI YORIQLAR, o’ta chuqur yoriqlar — yer po’stining mantiyagacha bo’lgan qismidagi cho’kindi va magmatik tog’ jinslarining geologik tashkil topish davrlarida tektonik harakatlar tufayli yaxlitligining buzilishi (deformatsiyalanishi, darz ketishi, sinishi va maydalanishi) natijasida hosil bo’lgan zonalar. Uzunligi yuzlab kilometr, chuqurligi 70-80 kilometr va eni bir necha yuz metrdan 10 kilometrga cho’zilgan bo’lib, ba’zi joylarda ular yer mantiyasigacha kirib boradi. Bu zonalar yirik geologik strukturalar (tog’tizmalari, cho’kma, vodiy va tekisliklar) ni birbiridan ajratadi va turli shakllarda namoyon bo’lib, chegara vazifasini o’taydi. Dastlabki Chuqurlikdagi yoriqlar proterozoy boshlarida (600 million yilcha avval) paydo bo’lgan. Chuqurlikdagi yoriqlar ta’limotiga asos solgan rus olimi A.V. Peyve 1945 yilda «Chuqurlikdagi yoriqlar» terminiga keng ta’rif bergan. Chuqurlikdagi yoriqlar haqidagi ta’limot geotektonikaning mustaqil bo’limiga aylandi. Chuqurlikdagi yoriqlar yer po’sti va yuqori mantiyaning o’ta o’tkazuvchan zonalari bo’lib xizmat qiladi, bu zonalarda magmatik o’choqlar vujudga keladi va magmatik faoliyat to’planadi. Chuqurlikdagi yoriqlarda vulkan mintaqalari, Ultra asosli magma mintaqalari, granitoid plutonlari va ruda maydonlari bo’ladi. Kontinent, dengiz va okeanlar, tog’li o’lkalarning chegaralari ko’pincha, Chuqurlikdagi yoriqlar bilan bog’liq. Ular geofizika usullari, aerokosmik fotos’yomka, ayniqsa, chuqur seysmik zondlash, zilzila to’lqinlari yordamida aniqlanadi va o’rganiladi. Chuqurlikdagi yoriqlarning yuqori qismi bilan zilzila o’choqlari bevosita bog’liq. Ba’zan ularning yo’llari bo’ylab neft va gaz konlari qatori joylashadi. O’rta Osiyoda, shuningdek, O’zbekistonda Talas Farg’ona, Farg’ona Janubi va shimol hamda Tyanshan Janub chuqur yoriqlari mavjud. Ular geologik strukturalarni va ular bilan boglik bo’lgan foydali qazilma boyliklarni shakllanishida muhim rol o’ynagan. O’rta Osiyoda Chuqurlikdagi yoriqlarni o’rganishda H.M. Abdullayev, M.O. Ahmadjonov, T.L.Bobojonov, F.X.Zunnunov, R.N.Ibrohimov, I.H.Hamroboev, J.H.Yaqubov va boshqalar salmoqli hissa qo’shganlar. Ad.: I.X. Xamrabayev, Glubinnoe stroeniye litosferi Pamira i Tyan Shana. Dinamika i evolyutsiya litosferi, M., 1986.