CHUMCHUQSIMONLAR

CHUMCHUQSIMONLAR (Passeriformes) — qushlar turkumi. 63 oilasi, 5100 ga yaqin turi ma’lum. O’zbekistonda 209 turi uchraydi. Chumchuqsimonlar tanasining uzunligi 9,5 dan (Korolyok—chittakning bir turi) — 65 santimetrgacha (quzg’un). Og’irligi 3 4 grammdan 1,1—1,6 kilogrammgacha. Yer yuzida keng tarqalgan. 4 kenja turkum: shoxtumshuqli Chumchuqsimonlar, qichqiruvchi Chumchuqsimonlar, sayroqi Chumchuqsimonlar va yarim sayroqi Chumchuqsimonlarga bo’linadi. Shoxtumshuqli Chumchuqsimonlar (14 tur) Afrika va Janubiy Sharqiy Osiyoda tarqalgan. Qichqiruvchi Chumchuqsimonlar (1100 tur) Janubiy Amerika va Sharqiy yarim sharning tropik qismida tarqalgan. Sayroqi Chumchuqsimonlar (qariyb 4000 tur) yer yuzining hamma joyida yashaydi. Yarim sayroqi Chumchuqsimonlar (4 tur) Avstraliyada uchraydi. Ko’pchilik Chumchuqsimonlar daraxt va butasimon o’simliklarda, ayrimlari havoda, ba’zilari yerda yashaydi. O’troq, ko’chib yurib va mavsumiy hayot kechiruvchi Chumchuqsimonlar bor. Tropik va subtropik mamlakatlarda yilda ikki marta 4-6 (ba’zilari 16) ta, Avstraliyada yashovchi ayrim turlari 1 ta tuxum qo’yadi. Ko’pchilik turlar 11-14 kun, ba’zilari 19-20 kun, ayrimlari 45 kun tuxum bosadi. Ko’pchiligi jish jo’ja ochadi; bolasi bir yoshda voyaga yetadi. Nari va modasi kattaligi, rangi, sayroqiligi (nari sayraydi) bilan birbiridan farq qiladi. Chumchuqsimonlarning hasharotxo’rlari va o’simlikxo’rlari mavjud. Ba’zi turlari zararkunanda hasharotlar bilan oziqlanib, qishloq xo’jaligiga katta foyda keltiradi. Noyob turlari tabiat va tabiiy resurslarni muhofaza qilish xalqaro Ittifoqi qizil kitobi ro’yxatiga kiritilgan.