CHU
CHU — Qirg’iziston va Qozog’iston Respublikalari hududidagi daryo. Uzunligi 1067 kilometr, havzasining maydoni 62,5 ming kilometr kvadrat. Markaziy Tyanshandan boshlangan Qoraxo’jir (quyi oqimida Juvonariq) va Qo’chqor daryolarining qo’shilishidan hosil bo’lib Sirdaryoga 110 kilometr yetmasdan qumlar orasida tugaydi. Chu bosh qismida chuqur vodiyda tez oqadi. Kungay Olatovi bilan Qirg’iziston tog’tizmalarini kesib o’tib tor Bo’o’m darasini hosil qiladi. Bo’o’m darasidan o’tgach, Chu vodiysiga chiqadi va Betpakdala hamda Mo’yinqum cho’llari orasida sekin oqadi. Chuning tog’li qismida O’rtato’qay suv ombori qurilgan. Toshqin paytida Kutemaldi tarmoqchasi orqali suvining bir qismi Issiqko’lga quyiladi. Chu Bo’o’m darasidan keyin o’ngdan katta Kebin, kichik Kebin, Irg’ayli, Ko’kpatos; chapdan Alameddin, Oqsuv, Qorabolta, Qurag’ati irmoqlari qo’shiladi. Asosan, qor suvlaridan, qisman muzliklardan to’yinadi. Bahorda sersuv. O’rtacha ko’p yillik suv sarfi tog’dan chiqaverishda 52,9 metr kub/sekund. Chu tog’li qismida muzlamaydi, tekislik qismida 3-3,5 oy muzlaydi. Daryodan Katta Chu, Sho’rtepa, Otboshi, Cho’mish, Georgievka kanallari chiqarilgan; Otboshi, Alameddin GESlari qurilgan. Chu sohilida to’qmoq, Chu shaharlari joylashgan. Daryo vodiysi bo’ylab Taroz — Bishkek — Baliqchi temir yo’l o’tgan.
CHU — Qozog’iston Respublikam Jambul viloyatidagi shahar. Chu daryosi, sohilida. Temir yo’l stantsiyasi. Aholisi 38,3 ming kishi (1990-yillar oxiri). Shakarqand, sut, ta’mirlashmexanika zavodlari, temir yo’l transportiga xizmat qiluvchi korxonalar bor.