«DAVLAT BELGISI» ISHLAB CHIQARISH BIRLASHMASI

«DAVLAT BELGISI» ISHLAB CHIQARISH BIRLASHMASI, O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi «Davlat belgisi» ishlab chiqarish birlashmasi — O’zbekistonda davlatning turli hujjatlari (pasport, sertifikat, qimmatli qog’ozlar, banknotlar va boshqalar) ni tayyorlaydigan birlashma. Bosma fabrikasi (Angliyaning «Xarrison va o’g’illari» firmasi bilan hamkorlikda qurilgan), qog’oz fabrikasi (Germaniyaning «Luizental» qog’oz fabrikasi bilan hamkorlikda qurilgan) va Toshkent zarbxonasiga ega. Qalbakilashtirishdan himoyalangan qimmatli qog’ozlar, pasport qog’ozlari, aktsiz markalar uchun qog’ozlar, pul bosiladigan qog’ozlar; banknotlar, sertifikatlar, lotereya biletlari, veksellar, cheklar, aktsiz va pochta markalari, kollektsiya va esdalik tangalari to’plami, esdalik nishonlari va boshqalar ishlab chiqaradi. Birlashmada mazkur jarayonlar uchun barcha imkoniyatlar mavjud (zamonaviy texnika va texnologiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Shveytsariyada ta’lim olgan yuqori malakali mutaxassislar, ishlab chiqarishdagi umumiy xavfsizlik). Uning ilk mahsulotini bosma fabrikasi bergan. Shuningdek, 1994 yil 1 iyuldan muomalaga kiritilgan O’zbekistan Respublikasining milliy valyutasi — so’m ham mazkur fabrikada tayyorlanadi. Qog’oz fabrikasi 1995 yil foydalanishga topshirilgan. Zarbxona esa bu tizimdagi yangi korxona. Sulaymon Xudoyqulov.