Indoneziya

Rasmiy nomi — Indoneziya Respublikasi. Poytaxti — Jakarta. Hududi — 1919400 km2. Davlat tili indonez. Dini — musulmonlar (87%), protestantlar (6%), katoliklar (3%), buddistlar (3%). Pul birligi — Indoneziya rupiyasi.
Geografik joylashuvi va tabiati. Indoneziya Respublikasi Janubi sharqiy Osiyodagi davlat. Dunyodagi eng katta Malay arxipelagining 17,5 ming oroli va Yangi Gvineya (G‘arbiy Irian) orolining g’arbiy qismida joylashgan. Indoneziya hududining yarmidan ko’prog’i o‘rtacha baland va pastqam tog‘lardan, Yangi Gvineyada qisman baland togiardan (eng baland joyi — 5029 m), qolgan qismi allyuvial tekisliklardan iborat. Orolda 400 dan ortiq vulqon bor, shundan 100 tasi harakatdagi vulqonlardir. Tektonik harakatlar tinmagan. Tez-tez kuchli zilzila bo‘lib turadi. Neft, ko’mir, temir, marganes, qalay rudalari, boksit, mis, qo‘rg‘oshin, rux, alyuminiy, nikel va fosfat konlari bor.
Iqlimi — Indoneziyaning katta qismida ekvatorial, Yava orolining sharqiy va Kichik Zond orollarida subekvatorial iqlim. Eng yirik daryolari — Kapuas, Barito, Xarri, Kompar, Musi, Mamberamo, Digul.
Davlat tuzilishi, siyosiy partiyalari. Indo­neziya — unitar respublika. Davlat va hukumat boshlig‘i — prezident. Qonun chiqaruvchi oliy organ — Xalq Maslahat Kongressi. Amaldagi konstitutsiyasi 1945-yil 18-avgustda qabul qilingan. Ijroiya hokimiyatni prezi­dent o‘zi tayinlagan hukumat bilan birga boshqaradi. Asosiy siyosiy partiyalari: Birlik va taraqqiyot partiyasi, IDP Milliy mandat partiyasi.

Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. Indoneziya — agrar-industrial mamiakat. Qishloq xo‘jaligi Indoneziya iqtisodining yetakchi tarmog‘i hisoblanadi. Mehnatga yaroqli aholining yarmidan ko‘prog‘i qishloq xo‘jaligida band. Tabiiy kauchuk va palma yog‘i ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda birinchi o’rinda turadi. Tropik daraxt yog‘ochidan yasalgan buyumlar, tamaki, choy, qahva, ziravor dorivorlar, shuningdek, baliq va dengiz mahsulotlari yetkazib beruvchi eng katta davlatdir. Asosiy donli ekin — sholi, makkajo’xori. Chorvachiligida qoramol, cho‘chqa, echki, qo‘y, yilqi, parranda boqiladi. Indoneziya hududining 65% i o’rmon bilan qoplangan bo‘lib, qimmatbaho yog‘och tayyorlanadi. Konchilik sanoati budjet tushumlarining ancha qismini ta’minlaydi. Yiliga o‘rtacha 576 mln barrel neft qazib olinadi. Indoneziya suyultirilgan tabiiy gazni chetga chiqarishda dunyoda birinchi o‘rinda, qalay qazib olishda ikkinchi o‘rinda, nikel qazib olishda to‘rtinchi o‘rinda turadi. Mahsulot ishlab chiqarish sanoatining asosini iste’mol mollari: gazlama, charm buyumlar, ro‘zg»orbop kimyoviy mahsulotlar, oziq-ovqat tashkil etadi. Sholi oqlash, tamaki, qand-shakar, choy, yog‘, ip-gazlama, jun, qurilish materiallari, farmatsevtika va poligrafiya, konditer korxonalari, mineral o’g’it va shina zavodlari bor. Yuksak texnologiyaga asoslangan tarmoqlar: kemasozlik, samolyotsozlik, neft kimyosi, avtomobil yig’ish, radioelektronika rivojlanmoqda. Indoneziyada dengiz transporti yetakchi o‘rinda. Asosiy savdo hamkorlari: Yaponiya, AQSH, Singapur, Germaniya.
Temiryo‘llarining umumiy uzunligi — 6964 km. Avtomobil yo`llari — 119500 km. Ichki suv yo‘llari — 21579 km. Portlari: Tanjungprion (Jakarta porti), Surabaya, Palembang, Balikpapan, Ujungpan.

Tarixi. Indoneziya qadimiy madaniyat markazlaridan biridir. М.a. II asrga oid yodgorliklar saqlangan. Yava, Malayyu orollarida Taruma va Kalinga, Sumatrada Malayyu va Shrivijayya davlatlari tashkil topgan. Ularda hinduilik va buddaviylik tarqala boshladi. VII asrda bir necha mayda davlatlar birlashib, Shrivijayya imperiyasiga aylandi. VIII asrning birinchi yarmida Yavada Mataram davlati paydo bo‘ldi. 1025-yil Shrivi­jayya inqirozga uchradi. XI asrning 40-yillarida Mataram Kediri (XIII asrdan Singasari) va Jangola davlatlariga bo‘linib ketdi. XIII asr oxirida Singasari yemirilib, uning o‘mida Majapaxit imperiyasi tashkil topdi (1293 — taxm. 1520). XIV asrda Hindiston va Malakkadan Indoneziyaga islom dini kirib keldi. XVI asrdan Majapaxit imperiyasi musulmon sultonliklariga bo‘linib ketgach, Indoneziya hududiga yevropaliklar (portugallar, gollandlar) kirib kela boshladi. 1602-yil gollandlar Indoneziyada Ost-Indiya kompaniyasiga asos soldi. 1811-yil lndoneziyani inglizlar bosib oldi. 1814-yilgi Angliya-Niderlandiya bitimiga ko‘ra Indoneziya Niderlandiya qo‘liga o‘tdi. 1942-1945-yillarda Indoneziyani Yaponiya bosib oldi. Yaponiya II Jahon urushida mag’lubiyatga uchragach, mamlakat mustaqil Indoneziya Respublikasi deb e’lon qilindi (1945-yil 17-avgust). 1945-yil 6-sentabrda Indoneziyaga ingliz, keyinroq golland qo‘shinlari bostirib kirdi. 1949-yil noyabrda Gollandiya Indoneziya mustaqilligini tan olishga majbur bo‘ldi. Biroq Indoneziya 16 hududga bo‘linib tashlandi: Mamlakat «Indoneziya Qo‘shma Shtatlari» nomi bilan yuritila boshlandi. Gollandiya G‘arbiy Irianni o‘z qo‘l ostida saqlab qoldi. 1950-yil 6- avgustda Indoneziya unitar davlat deb e’lon qilindi. 1953-yil 1-mayda G‘arbiy Irian Indoneziya Respub­likasi tarkibiga qo‘shib olindi. Etnik jihatdan indo- neziyaliklardan farq qiluvchi Farbiy Irian (Irian-Jaya, Yangi Gvineya oroli) aholisi XX asrning 70-90 yillarida qo‘zg‘olonlar ko‘tardi.1968-yilda Suxarto prezidentlik lavozimiga saylanganda, Indoneziya dunyoning eng qashshoq mamlakatlaridan biri edi. (70 mln odam (aholining 60%) o‘ta qashshoq bo‘lgan). Oxirgi 25 yilda yashash tarzi yaxshilanib, urbanizatsiya jarayoni kuchaydi. 

Indoneziya 1992-yilda O‘zbekiston Respublikasi bilan diplomatiya munosabati o‘rnatgan.