Xalifalik Turkistonni Xuroson viloyatining tarkibiga kiritib, u yerga tayinlangan hokim orqali o’lkani boshqarib turdi. Ammo unga goh Turkistonda, goh Xurosonning o’zida ko’tarilgan qo’zg’olonlarga qarshi kurashishga to’g’ri keldi. Hatto ba’zan Xurosonning o’zi mustaqilligini tiklagan vaqtlari ham bo’ldi. Biroq xalifalik o’z hukmronligini tiklashga muvaffaq bo’lgan edi. Umuman aytganda oddiy xalqning ham, yuqori tabaqa vakillarining orasida ham xalifalik hukmronligia qarshi kuchlar mavjud edi. Natijada qonli to’qnashuvlar sodir bo’lgan xalifalik Xuroson viloyatining hokimi orqali Turkistondan har yili katta hajmda mablag’ olib turgan. Masalan, Samarqand – 326 ming dirham, Farg’ona – 280 ming dirham, Toshkent – 607 ming dirham, Usrushana – 50 ming dirhamni soliq tarzda xalifa saroyiga yuborib turgan. Bunday hajmdagi to’lovlar o’z davri uchun salmoqli mablag’ hisoblangan. Xalifalik tomonidan mustaqillik va ozodlikni barbod etilishi, zulm va adolatsizlik nafaqat mehnatkash ommani, balki mahalliy yuqori tabaqaning ilg’or vakillarini ham kurashga otlantirgan edi. Bunday kishilardan tashkil topgan Somoniylar sulolasining faoliyati alohida ahamiyat kasb etadi. Bu sulolaning asoschisi Somon qishlog’i boshlig’i Somonxudot hisoblanib, Xuroson hokimi Ma’munning hurmatiga sazovor bo’lgan. Hatto, hokim uning nevaralarini Turkiston viloyatlariga rahbar etib tayinladi. Xususan, Nux – Samarqandni, Ahmad – Farg’onani, Yax’yo – Toshkent va Usrushaning hokimi bo’ldi. Dastavval ular xalifalikning xizmatini sidqidillik bilan ado etib katta ishonch qozondilar. Uchta aka-ukalar bamaslahat o’lkani boshqardilar. Ularning tepasida Ahmad Somoniy turgan edi. Bu vaqtga kelib, xalifarlik ancha zaiflashib ketganligi tufayli Ahmad Somoniy o’lka mustaqilligini tiklash choralarini amalga oshirib bordi. Bu siyosatni uning Farg’onada tug’ilgan o’g’li Nasr yanada kuchaytirdi. 874 yilda u ukasi Ismoilni Buxoroga hokim etib tayinlandi. Bu hokim 893 yilda akasi Nasrning vafotidan keyin butun Movarounnahrni o’z qo’liga birlashtirib mustaillik siyosatini yurgizadi. Bundan g’azablangan xalifa Mu’tazid (892-902) Ismoil Somoniyga qarshi qo’shin jo’natadi. 900 yilda bo’lgan jangda Ismoil Somoniy dushman qo’shinini tor-mor etib, Xurosonni ham egallab, mustaqillikni tiklaydi. Bunda xalqning qo’llab-quvvatlashi va qatnashishini muhim o’rinni egalladi. VIII asrning ikkinchi yarmida mamlakatning mudofaasiga katta ahamiyat berilgan edi. Xususan Buxoro vohasi “Kampirak” nomli uzundan uzun va bahaybat devor bilan o’rab olindi. “Bu devor Konimex rayonida Qoratog’dan boshlanib, Zarafshon daryosining o’ng betide Konimex, Qiziltepa, G’ijduvon, Shofirkon rayonlarining shimolidagi cho’l chegarasini o’rab olgan. So’ngra hozir qum bosib qolgan joylardan o’tib, Buxoro viloyatining qadimgi obod yerlarini g’arb va janub tomondan o’raydi. So’ngra Qiziltepa rayoniga chiqib, Zarafshonning chap tomoni bilan ketib, Karmana bilan Qiziltepa oralig’ida daryo labida tugaydi. Devorning uzunligi taxminan 350 kilometrga yaqin bo’lib kengligi ba’zi yerlarda 2 metrdan oshiqroq saqlangan. Devo ham g’isht va paxsadan qurilgan bo’lib, bir qancha joylarda darvozalari bo’lgan. Tekshirishlarga qaraganda, bu devor haqiqatan ham VIII asrning ikkinchi yarmida obod, suvli yerlarni o’rab olgan. Obod yerlarning maydoni o’sha vaqtlarda hozirgina nisbatan bir muncha keng bo’lgan. Chunki Buxoro viloyatining hozirgi sug’oriladigan yerlari bilan “Kampirak” devor chegarasi o’tgan oraliqdagi yerlar cho’lga aylangan katta maydonni tashkil qiladi. Bu yerlarda xarob bo’lib qolgan ko’hna qishloq izlari, uy joy qoldiqlari va ro’zg’or buyumlarining siniqlari juda ko’p”.
Bu nihoyatda katta va uzun devor Ismoil Somoniy vaqtida ta’mirlanishni talab etgan. Bu haqda unga gapirilganda: “Meni o’zim Buxoro devoriman”, — deb javob bergan. Bu bilan Ismoil Somoniy o’zining kuch-qudratini anglatib, devorsiz ham Buxoroni saqlashini bayon etgan. Haqiqatan ham u aql-idrokli, mard va jasoratli davlat arbobi bo’lgan edi. Shuning uchun u mamlakat mustaqilligini tiklashda hal qiluvchi o’rinni egalladi. Ismoil Somoniy 907 yilda vafot etgan. Uning davrida mamlakatda taraqqiyot ko’zga tashlanib, poytaxt sifatida Buxoro shahrining mavqei juda oshdi. “U, — deydi Narshaxiy, — yigirma yil Xuroson amiri bo’ldi. Hukmronlik muddati o’ttiz yil edi. Xudoyi taolo uni rahmat qilsin, negaki uni davrida Buxoro poytaxt bo’ldi, Somoniylar sulolasidan chiqqan hamma amirlar Buxoroda turadigan bo’ldilar. Undan oldin Xuroson amirlarining hech biri Buxoroda turgan emas. U Buxoroda turishni o’zi uchun muborak deb hisoblar, uning ko’ngli Buxorodan boshqa hech bir yerda orom topmas va u qayerda bo’lmasin: “bizning shahar, ya’ni Buxoro, ana bunda, — ana shunday der edi”. Xullas Ismoil Somoniy Movarounnahr va Eronni o’z ichiga olgan mustaqil va qudratli davlatni tashkil etib, arab xalifaligining hukmronligini tugatdi.