Svazilend
Rasmiy nomi — Svazilend Qirolligi. Poytaxti — Mbabane. Hududi – 17363 km.kv. Aholisi – 1,1 mln kishidan ortiq (2012). Davlat tili — ingliz va svazi. Dini — xristianlik (60%) va majusiylar (40%). Pul birligi — lilangeni. Geografik joylashuvi va tabiati. Afrika qit’asining janubi sharqiy qismida joylashgan davlat. Janubda, janubi sharqda, g‘arbda va shimolda JAR (chegara uzunligi — 430 km), sharqda esa Mozambik (105 km) bilan chegaradosh. Chegarasining umumiy uzunligi — 535 km. Mamlakat g’arbdan sharqqa tomon tepaliklari pasayib boruvchi Veld qirliklarida joylashgan. Eng baland cho‘qqisi — 1445 m. Svazilendda bir nechta pasttekisliklar bor. Asosiy daryolari — Usutu, Kamati, Umbeluzi. Asosiy tabiiy boyliklari: ko‘mir, yog‘och, gidroenergetik imkoniyatlari. o’rmonlari, shuningdek, uncha katta bo‘lmagan oltin va olmos konlari bor. Hududining 11%i haydaladigan yerlar, 62%i esa yaylov va o‘tloqlar. Iqlimi — subtropik va tropik. Svazilendning o‘simlik dunyosi g‘arbda savanna, sharqda esa kserofit changalzorlari bilan xarakterlanadi. Florasi juda boy: 2400 ga yaqin o‘simlik turi mavjud — lishayniklar va paporotniklardan tortib magnoliya va fikuslargacha o‘sadi. Faqat aloening 25 turi, orxideyalaming 12 turi, nilufar gullarining 10 turi bor. Yirik sutemizuvchilardan «ко‘к» qo‘toslar uchraydi. Shuningdek, aylana shoxli antilopalar, zebralar, begemotlar ham bor. Daryolarida timsohlar ko‘p.Davlat tuzilishi, siyosiy partiyalari. Davlat tuzilishi — konstitutsion monarxiya. Svazilend 1968- yil 6-sentabrdan mustaqil davlat bo‘ldi (undan oldin — Buyuk Britaniya protektorati). Bu sana — Milliy bayram — Mustaqillik kuni sifatida nishonlanadi. Davlat boshlig‘i — qirol. Ijroiya hokimiyat Bosh vazir boshchiligidagi hukumat tomonidan boshqariladi. Qonunchilik hokimiyatini qirol va ikki palatali parlament amalga oshiradi. Siyosiy partiyalari: Imbokodvo milliy harakati, Svazilend birlashgan fronti, Ngvane milliy-ozodlik kongressi.
Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. Iqtisodiyotining asosiy bo‘g‘ini — qishloq xo‘jaligi (YIMning chorakka yaqin qismi). Unda mehnatga yaroqli aholining asosiy qismi band. Asosiy qishloq xo‘jaligi ekinlari — shakarqamish, makkajo‘xori, paxta, tamaki, sitrus mevalar. Qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash sanoatidan tashqari konchilik (ko‘mir va asbest), yog‘och sanoati rivojlangan. Asosiy savdo hamkorlari: JAR, Yaponiya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Kanada. Tarixi. Svazilend qirolligi hozirgi Svazilend hududida XVI asrda tashkil topgan. 1906-yili Britaniya protektorati bo‘lishidan avval 1902-yilda Transvaal boshqaruvida edi. 1969-yili Svazilend mustaqil davlat deb e’lon qilindi. 1973-yilda esa qirol Sobxuza II konstitutsiyani bekor qildi va barcha siyosiy partiyalar faoliyatini taqiqladi. Hozirgi kunda Svazilend demokratik o‘zgarishlar yo‘lidan bormoqda.