DAJLA

DAJLA — Turkiya va Irokdagi Daryo, qisman Suriya hududidan o’tadi. Uzunligi 1850 kilometr, havzasining maydoni 375 ming kilometr kvadrat. Turkiyaning Janubi sharqidagi tog’lardan boshlanadi. Al-Qurn shahri yaqinida Furot daryosi bilan qo’shilgach, Shatt ul-Arab deb ataladi va Fors qo’ltig’iga quyiladi. Eng yirik irmoqlari: katta Zab, kichik Zab va Diala. Yuqori oqimi, asosan tog’lar orasidan, o’rta va quyi oqimi Mesopotamiya tekisligidan o’tadi. Qishda Mesopotamiyaga yoqqan yomg’irdan, bahorda tog’lardagi qor va muzlarning erishidan toshadi. O’rtacha suv sarfi Bag’dod shahri yaqinida 1240 metr kub/sekund, maksimal suv sarfi 10000 metr kub/sekund, minimal suv sarfi 150 metr kub/sekund. Yog’in kam yog’ishi, bug’lanish va sug’orishga sarflanishi natijasida quyi oqimida suvi ancha kamayib ketadi. Daryo ko’plab loyqa, qum, shag’al oqizib keladi. Quyilish joyidan Bag’dod shahrigacha (suv ko’payganda Mosul shahrigacha) kema qatnaydi. Dajlaning Bag’dod shahridan Janubdagi vodiysida joylashgan bir necha yirik ko’l uning suvini bir me’yorda oqishini ta’minlaydi. Dajla sohillarida Diyorbakir (Turkiya), Mosul, Bag’dod (Iroq) shaharlari joylashgan. Suv ombori bor. Dajla va Furot daryolari oralig’i qadimgi tsivilizasiya markazlaridan bo’lgan (u yerda miloddan avvalgi Bobil, Ossuriya, Shumer va Akkad kabi yirik davlatlar joylashgan edi).