DALA APROBATSIYASI

DALA APROBATSIYASI, dala ekinlari aprobatsiyasi — navdor ekinlar, mevali daraxtlar va rezavorlar hosilining urug’lik sifatida foydalanishga yaroqliligini aniqlash, navdorlik sifatini belgilash, urug’chilik qoidalarining bajarilishini tekshirish. Aprobatsiya o’tkazish O’zbekistonda davlat tadbiriga kiradi. Dala ekinlari aprobatsiyasi dalada (Dala aprobatsiyasi) va don omborxonalarida (makkajo’xori so’talari ombor aprobatsiyasi) kuzatish yoki tanlab kuzatish va aprobatsiya materialini tahlil qilish bilan o’tkaziladi. Har bir ekin turi uchun o’ziga xos Dala aprobatsiyasi usuli ishlab chiqilgan. Bunda ekinning yetilishi, muddati, navdorligi, serhosilligi va zararkunanda hamda kasalliklarga chidamliligi e’tiborga olinadi. Dala aprobatsiyasi uchun aprobatsiyachi agronom boshchiligida maxsus guruh yoki alohida komissiya tuziladi. Eng avval har qaysi dalada qanday nav (urug’lik) ekilgani tegishli hujjatlarga qarab aniqlanadi. Navning tozaligini aniqlash uchun maydon diagonali bo’ylab har yerdan o’simlik namunalari olinadi. Namunadagi asosiy navga oid o’simliklar sanalib, ular jami o’simliklarga nisbatan necha foizni tashkil etishi, kasallik va zararkunandalardan, begona o’tlar, karantin o’tlardan tozaligi aniqlanadi. Masalan, paxtachilikda Dala aprobatsiyasi g’o’zaning 1-, 2 — va 3 – reproduktsiyalari ekilgan maydonlarda o’tkaziladi. Agar bu reproduktsiyalar ekilgan maydonlardan rejadagi urug’lik paxtani tayyorlash imkoniyati bo’lmasa, to’rtinchi va so’nggi reproduktsiyali maydonlarda ham Dala aprobatsiyasi o’tkaziladi. Yangi navlar va urug’i kamchil navdor g’o’zalar ham aprobatsiya qilinadi. Dala aprobatsiyasiga qadar paxta dalalari zararkunanda va kasalliklardan tozaligiga qarab 4 guruhga bo’linadi: mutlaqo toza dalalar; gommoz bilan 5% gacha, vilt bilan 10% kasallangan dalalar; gommoz va vilt bilan 20% kasallangan dalalar; 20% dan ko’proq kasallangan dalalar. Urug’lik paxta har qaysi guruh dalalaridan alohida terilib, paxta quritish-tozalash zavodlariga ham alohida topshiriladi. Dala aprobatsiyasi natijalariga asosan dalolatnoma tuziladi. Aprobatsiya dalolatnomasi tayyorlanadigan urug’ning miqdori va sifatini ko’rsatadigan rasmiy hujjat hisoblanadi. Abdurahim Ermatov.