DO’STLIK KANALI
DO’STLIK KANALI — O’zbekistan va Qozog’iston hududidagi kanal. Mirzacho’lning shimoli-sharqida. Sirdaryodagi Farhod GESining tashlama kanalidan suv oladi. Uzunligi 116 kilometr. Suv o’tkazish imkoniyati 230 metr kub/sekund. Kanal boshdan oxirigacha tuproq o’zandan oqadi. Kanalda 6 to’g’on, suv sarfi 0,2 dan 50 metr kub/sekundgacha bo’lgan 45 shoxobcha kanallar va 3 ta ehtiyot tashlamalar: Sharqiy tashlama (40 metr kub/sekund), shimoliy tashlama (18 metr kub/sekund) va oxirgi tashlama (17 metr kub/sekund) qurilgan. Kanal Chordara suv ombori ga tashlama bilan tugaydi. Dastlab kanalni 1891 yilda Knyaz N. K. Romanov kazdirgan. Kanal qurilishi 6 yil davom etgan va Nikolay I arig’i deb atalgan, uzunligi 84 kilometr bo’lgan. Kanal suvni Xo’jand shahridan quyida Qo’shtegirmon va Bekobod qishloqlari oralig’ida Sirdaryodan olgan. Kanaldan birinchi marta 1895 yilda Mirzacho’lga suv oqizilgan, 1897 yil to’la ishga tushirilgan va 7600 gektar yerni suv bilan ta’minlangan. 1917 yilgacha Knyaz Romanov nomi bilan yuritilgan va uni xalq Knyazariq (Kenazariq) deb atagan. 1918-38 yillarda Shimoliy Mirzacho’l kanali deb yuritilgan. 1923 yildan kanal rekonstruktsiya qilina boshladi. 1938 yil kanalda Sultonhovuz tindirgichi (hajmi 16 million metr kub) qurildi. Qozog’iston hududida 1939 yil 1 — to’qayli tarmog’i va 400 kilometrdan ortiq katta-kichik ariqlar chiqarildi. 1940-41 yillarda Mirzacho’lda yangi yerlar o’zlashtirilishi munosabati bilan kanalning bosh inshooti rekonstruktsiya qilinib, suv o’tkazish qobiliyati 230 metr kub/sekundga yetkazildi va kanal 14,5 kilometr uzaytirildi, 2 — va 3-to’qayli tarmoqlari, 64 mayda shoxobcha va 2 ta yirik tarmoq — o’ng tarmoq va chap tarmoq (Malik tarmog’i) chiqarildi. 1945 yilda kanal Farhod GESning tashlama kanaliga ulandi. Keyingi yillarda kanal uzaytirildi va suv o’tkazish imkoniyati oshirildi. 1972 yildan kanalda xo’jaliklararo kanallarga suv taqsimlab berish tele va avtomatik sistemalari ishlaydi. 1996 yil iyulidan hozirgi nom bilan ataladi (1938-97 yillarda S. M. Kirov nomida bo’lgan). 2001 yilda kanaldan 230 ming gektardan ko’proq maydon sug’orildi (O’zbekistonda 100 ming gektar; Qozog’istonda 130 ming gektardan ortiq). Sharif Hamdamov.