DO’STI XUDO MASJIDI

DO’STI XUDO MASJIDI — Farg’onadagi me’moriy yodgorlik (20-asr boshlari). Mahalliy eshon Alixon buyurtmasi bilan usta Yoqub rahbarligida qurilgan. Xalfa tillo majmuasining shimol qismida joylashgan. Xalfa Tillo maqbarasi bilan masjidni ular o’rtasidagi darvozaxona o’zaro bog’lab turadi. Masjid milliy me’morlik an’nalari asosida serhasham bezatilgan. Yog’och ustunlar tanasi qirrali, ko’zagisi kungirasimon, shakldor, kallagi muqarnaslar bilan yakunlangan. Shiftlaridagi rang-barang islimiy naqshlar zaminida ko’k, to’sinlardagi jimjima hoshiyalar ichidagi gul bezaklari zaminida qizil rang ustunlik qiladi. Shift o’rtasidagi turunj o’ziga xos yorqin rangli bo’lib, to’sinlardagi nafis naqshlar bilan uyg’unlashib ketgan. Shiyponga o’xshash ikki qator ustunli darvozaxona shifti ham masjidniki singari serhasham.